Prezidentimiz joriy yil 25-noyabr kuni neft-gaz kimyo sanoatidagi istiqbolli loyihalar holatiga oid taqdimot bilan tanishar ekan, tarmoqdagi loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlar va investorlar bilan ishlarni jadallashtirish kerakligini taʼkidladi. Yigʻilishda xomashyo bazasini mustahkamlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar tannarxini tushirib, ichki va tashqi bozorda raqobatdoshligini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Bugungi kunda neft-gaz kimyo sanoati ancha rivojlanib, ichki va tashqi bozorda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish va sotish boʻyicha qator yirik korxonalarni oʻzida mujassamlashtirdi. Aytish mumkinki, tarmoqning asosiy iqtisodiy yoʻnalishlaridan biri uglevodorod ishlab chiqarishdir. Bu xomashyoni chuqur qayta ishlash va undan qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar olish, jarayonga xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda shu orqali eksport geografiyasini kengaytirish dolzarb masalalardan biridir. Bu boradagi loyihalarni amalga oshirish uchun esa mamlakatimizga neft va gaz qazib chiqarishda yetakchi boʻlgan qator yirik chet el kompaniyalarining koʻmagi kerak.
Memorandum qanday maqsadlarni koʻzlaydi?
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gaz qazib olish va suyuq uglevodorodlar ishlab chiqarish yoʻnalishida bir qator ishlar amalga oshirilib, koʻplab chet el kompaniyalari bilan shartnomalar, kelishuvlar imzolab kelinmoqda. Yaqinda Rossiyaning “VEB.RF” Davlat rivojlanish korporatsiyasi bilan imzolangan Memorandum uglevodorodlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish dasturini moliyalashtirishga qaratilgan boʻlib, unda 650 mln dollar miqdorida kredit liniya ajratish moʻljallangan.
— Oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻygan birinchi qadam Rossiyaning yuqori texnologik mahsulotlarini yetkazib berishni moliyalashtirish, “Oʻzbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalashga qaratilgan xizmatlarni koʻrsatish uchun kredit liniyasining ochilishi edi, — deydi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati rahbari Siyovush Hoshimov. — Aytish kerakki, Memorandum Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan uglevodorod xomashyosini qazib chiqarishni koʻpaytirishga xizmat qiladi. Loyihaning asosiy maqsadi, mamlakat iqtisodiyot tarmoqlari va aholisini yetarli miqdorda energiya resurslari bilan taʼminlashdan iborat.
“VEB.RF” Rossiya Federatsiyasining Davlat rivojlanish korporatsiyasi boʻlib, uning asosiy vazifasi Rossiyaning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshishdir. “VEB.RF” tijorat banklari bilan hamkorlikda infratuzilma, sanoat va ijtimoiy sohani rivojlantirish, texnologik salohiyatni mustahkamlash hamda odamlarning turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan yirik loyihalarni moliyalashtiradi.
Yil oxirigacha 129 ta quduq ishga tushadi
“Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi uglevodorodlar qazib olish konlari koʻp yillardan beri ishlatib kelinayotganligini inobatga olib, har yili tabiiy tushishni kamaytirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda bir maromida ishlashini taʼminlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
— 2020-yilda yangi ochilgan Shorkum, Shortak, Oʻrtaqum, Janubiy Kudbeshkak konlaridagi quduqlar jixozlanib ishlab chiqarishga qoʻshildi, — deydi Siyovush Hoshimov. — Joriy yil geologik-texnik tadbirlar ishlab chiqilgan boʻlib, yil yakuniga qadar burgʻilashdan yangi 129 ta quduqni ishga tushirish, 587 ta mavjud quduqda mukammal va joriy taʼmirlash hamda intensifikatsiya ishlarini olib borish, 42 ta texnologik obyektda qurilish, modernizatsiya va rekonstrkutsiya ishlarini olib borish, gaz qazib olish konlarida siquv kompressor stansiyalarini qurib ishga tushirish natijasida qazib olish koʻrsatkichlarini taʼminlash rejalashtirilgan. 2021-yilda ham yuqorida koʻrsatib oʻtilgan geologik-texnik tadbirlarni uzluksiz davom ettirib, jumladan burgʻilashdan 164 ta yangi quduq jihozlab ishga tushirish, mavjud 600 ta quduqda kapital taʼmirlash va intensifikatsiya ishlarini amalga oshirish, hamda 23 ta texnologik obyektda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini olib borish koʻzda tutilgan.
Bugungi kunda konservatsiyadagi ishlatilmasdan turgan, infrastrukturadan uzoq boʻlgan, foydalanish uchun koʻp kapital qoʻyilmalar talab qiladigan 25 ta konga Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-iyuldagi “Taqsimlanmaydigan tavakkalchiliklarga ega boʻlgan kontraktlar asosida uglevodorodlarni qazib olish mexanizmini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida risk-servis shartlari boʻyicha investorlarni jalb qilish ishlari olib borilmoqda.
Toʻrt yillik dasturning ahamiyati
“Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmatining maʼlumotlariga koʻra, 2017-2021-yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olishni koʻpaytirish dasturiga 2 bosqichdan iborat boʻlib, unga Rossiyaning Gazprombankidan 400 million AQSH dollari va Xitoyning Ipak yoʻli jamgʻarmasidan 585 million AQSH dollari miqdorida kreditlar jalb qilingan.
Dasturning birinchi bosqichida 296 ta yangi quduqni burgʻilab, ishga tushirish, 328 ta mavjud quduqni taʼmirlash ishlari hamda 7 ta yirik texnologik obyektni qurib ishga tushirish belgilangan boʻlsa, ikkinchi bosqichda esa 185 ta yangi gaz qudugʻini ochish, 172 ta quduqda mukammal taʼmirlash ishlarini olib borish hamda Zevarda, Alan va Dengizkoʻl konlarida past bosimli siquv kompressor stansiyalarini qurib ishga tushirish koʻzda tutilgan.
Ushbu dasturning birinchi bosqichi bajarilishi hisobiga bugungi kunda 13,7 milliard kub metr tabiiy gaz va 570,6 ming tonna suyuq uglevodorod qazib chiqarishga erishilgan. Dasturni amalga oshirish bilan gaz qazib olish konlarida tabiiy tushishni keskin kamayishi oldi olinadi, gaz konlarini va quduqlarini bir maromida ishlashi taʼminlanadi.
Imtiyozli kreditlar
Sohani rivojlantirishning muhim jihatlaridan yana biri, yirik banklardan imtiyozli kreditlar jalb qilishdir. Bu tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni olib kirish bilan birga yangi ish oʻrinlarini yaratishga ham zamin yaratadi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan uglevodorodlarni qidirish, qazib olish va koʻpaytirish, shuningdek, qayta ishlash sohasida investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha qator choralar koʻrilmoqda. Geologik qidiruv va burgʻilash ishlari uchun “Gazprombank” bilan uzoq muddatli imtiyozli kreditlar berilishi borasida kelishuv imzolangani shular jumlasidandir.
Kelishuv davomida respublikamizda amalga oshirilayotgan 2017–2021-yillarda uglevodorod ishlab chiqarishni koʻpaytirish dasturini moliyalashtirish doirasida Rossiya bankidan kreditlarni jalb qilishning asosiy shartlari muhokama qilindi.
— Shu bilan birga, “Gazprombank” AJ 100 million dollar miqdorida oldindan moliyalashtirish va Rossiya moliya institutlari sindikati bilan birgalikda ishlab chiqilgan 180 million dollar miqdoridagi uzoq muddatli kreditni ajratish masalalari koʻrib chiqildi, — deydi Siyovush Hoshimov. — Qoʻshma loyihalar koʻlami va ularning respublika uchun ahamiyatini inobatga olgan holda, har ikki mamlakat uchun ham eng maqbul kredit berish shartlariga erishish zarur. “Gazprombank” Jamiyatning koʻp yillik va ishonchli hamkori boʻlib, “Shoʻrtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish”, Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish”, “Sechankoʻl”, “Oqjar” va “Chimboy” investitsiya bloklarida tabiiy gaz quvurlarini oʻtkazish, shuningdek, “Oʻrga”, “Oqchalak” va “Chandir” guruhi konlarini ishlab chiqish kabi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etadi.
Xulosa qilib aytganda, bu kabi loyihalarni amalga oshirish bilan gaz qazib olish konlarida tabiiy tushishni keskin kamayishi oldi olinadi, gaz konlarini va quduqlarini bir maromida ishlashi taʼminlanadi.
Sohiba MULLAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri