Oʻzbekiston Respublikasining Ukrainadagi Elchixonasi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida elchixona vakillari joyga tashrif buyurganini maʼlum qildi.
Xabarda aytilishicha, ayni paytda barcha fuqarolarimizning sogʻ-salomatligi aniqlanib, ularni tegishli tibbiy muolaja qilish uchun Kiyev viloyatidagi mahalliy shifoxonalardan biriga joylashtirilgan.
Elchixona tomonidan fuqarolarimiz bilan bogʻliq boʻlgan vaziyat toʻliq nazoratga olingan boʻlib, ularni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha barcha kerakli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu jumladan, oʻzbekistonliklarga tegishli konsullik va huquqiy yordamni amalga oshirish maqsadida Ukraina TIV va Bosh prokurori ofisiga tegishli notalar yuborildi. Mazkur holat yuzasidan jinoiy ish ochilib, gumonlanuvchilar ustidan sud jarayoni boʻlib oʻtmoqda.
Elchixona fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga har tomonlama yordam koʻrsatish hamda qonuniy huquqlarini tiklash borasida barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishda davom etmoqda.
"Oʻz navbatida, Ukrainada inson hayoti uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan holatlar kuzatilayotgani bois Oʻzbekiston fuqarolaridan oʻz xavfsizligini inobatga olgan holda mazkur mamlakatga ayni vaqtda tashriflarni rejalashtirmasliklarini tavsiya qilamiz", — deyiladi xabarda.