Ukrainadagi vatandoshlar bilan videomuloqot o'tkazildi

    Mamlakatimizning Ukrainadagi elchixonasi tashabbusi bilan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yilligiga bag'ishlab, ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan fuqarolarimiz bilan videomuloqot o'tkazildi

    "Dunyo" AA xabar berishicha, muloqot davomida vatandoshlarga so'nggi yillarda O'zbekistonning barcha ijtimoiy va iqtisodiy sohalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, mamlakatimizning yangi va ochiq tashqi siyosati, davlat rahbarining xalqaro tashabbuslari hamda ularni jahon hamjamiyati tomonidan e'tirof etilishi yuzasidan ma'lumot berildi.

    Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yilligiga bag'ishlangan nutqi mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.

    Bundan tashqari, vatandoshlar konsullik va savdo-iqtisodiy masalalar yuzasidan o'zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

    O'z navbatida, elchixona tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida og'ir ahvolda qolgan yurtdoshlarimizga ko'rsatgan yordami uchun diasporaning faol vakillariga minnatdorik bildirildi.