Beshariq tumanida istiqomat qiluvchi Dilfuzaxon Maxsudova 1988-yilda farzand koʻrmay birinchi turmushidan ajrashgan.
1996-yilda esa Dilfuza opaga taqdir Rasuljon Ahmadjonovni roʻpara qildi. Ular 25 yildan buyon tinch-totuv oila sifatida birga yashaydi. Biroq qonuniy nikohlari qayd etilmagan...
— Ayol kishiga eng ogʻiri “Farzandsiz” degan tamgʻa boʻlsa kerak, — deydi Dilfuza Maxsudova. — Biroq taqdir menga Rasul akani uchratdi. Ogʻir, bosiq, mulohazali inson sifatida turmush oʻrtogʻimga hurmatim cheksiz. Bir oʻgʻil, bir qizli ham boʻldik. Qizimni turmushga berdim. Xullas, baxtliman, deb ayta olaman. Menga taqdirning eng buyuk tuxfasi — bugun shifoxonada boʻlsada qonuniy nikohimiz qayd etilgani boʻldi. Qalbimning bir cheti kemtik edi. Bugun turmush oʻrtogʻim menga nima kerak boʻlsa hammasini toʻkis berdi. Qonuniy nikoh men uchun turmush oʻrtogʻimning butkul ishonchi, deb qabul qilaman.
Bugun Rasuljon Ahmadjonovning betobligi sabab Beshariq tuman FHDYO boʻlimi vakillari belgilangan tartibda sayyor tartibda u kishi va Dilfuzaxon Maxsudovani qonuniy er va xotin, deya eʼlon qildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Fargʻona viloyatida joriy yilning 11 oyi davomida 23 minga yaqin nikoh qayd etilgan boʻlsa, ularning 183 tasi sayyor ravishda rasmiylashtirilgan, deb xabar beradi Davlat xizmati agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi matbuot xizmati.