U soʻz orasida men mutlaqo kutmagan fikrni aytdi:

— Men xalqingizga havas qilaman, — dedi u. — Prezidentingiz zoʻr-da! Odamlar bilan uchrashganda qoʻli doim koʻksida turadi, keksalar bilan qoʻshqoʻllab koʻrishadi. Chehrasi hamisha ochiq. Balki Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyoti, dunyo tan olayotgan islohotlari, yurtingizga yogʻilayotgan xayr-baraka hamda tinch va osuda hayotingizning sababi shundadir, yaʼni mamlakat rahbarining oʻz eliga cheksiz mehridandir.

Bu gaplar menga qattiq taʼsir qildi. Bagʻrim sim-sim erib, kipriklarim osti achishdi. Qalbim faxr-iftixorga, gʻururga toʻldi. U mening Prezidentim haqida shunday iliq gaplarni gapirdi. Agar Prezident davlatning ramzi ekanini hisobga olsak, Quvonchbek Vatanimning, xalqimning oʻz tasavvuridagi goʻzal suratini taʼriflab berdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Doʻrmon” ijod uyida yashayotgan paytlarim edi. Yozning avvali. Bahavo joy emasmi, bomdoddan soʻng sayr qilishni yaxshi koʻrardim. Bir kuni endi darvozadan hatlaganimda mehmonxona tomondan keksa jurnalist-yozuvchilarimizdan biri chiqib qoldi-da, meni oʻzi sari chorladi. Borib soʻrashdim.

— Yuring, quyoshning chiqishini tomosha qilamiz, — dedi boladek zavqlanib.

Rozi boʻldim. Chunki har kungi sayr onlarimga oʻzgacha maʼno kirayotgandek edi-da.

Ufqni koʻrish uchun dov-daraxtdan yiroq, ochiq manzilni topish lozim. Shunday ham qildik. Yeru osmonning cheti xira qizara boshladi. Olam osuda, hatto subhi sodiq qushlari ham sayrashni unutgandek. Butun vujudimizga halovat, zavqu surur, orzumandlik singayotgandek. Ana, tong otmoqda! Olloh taolo cheksiz mehr-muhabbati ila bino etgan umidli dunyoda hayot uygʻonmoqda! Tinch, osoyishta va shukuhli hayot! Ozod Vatanim quyoshning — tiriklikning ilk nurlariga yuz tutmoqda. Ishoning, bundan goʻzal, bundan hayotbaxsh manzara boʻlmasa kerak. Ana, oʻshanda ota-bobolarimizning, ona-momolarimizning, umuman, xalqimizning har ibodatning adogʻida, har safar dasturxon yigʻishtirilayotganda Yaratgandan “Tinchlik-xotirjamlik bergin!” deya duo qilishining chin maʼnosiga yetgandek boʻldim.

Yurt tinchligidan, halovatidan, xotirjamligidan ham qadrliroq narsa bormi jahonda?! Ertalab uyqudan uygʻonding, koʻzlaring quyoshni koʻryapti, taning sogʻ, oyoq-qoʻling but. Yurting tinch, mehribon oilang bagʻridasan. Mana-mana, yaqinlaringning birovi ishga, boshqasi oʻqishga, bogʻchaga otlanadi. Sen esa ularning duoi jonini qilasan-da, kecha tuzib qoʻygan rejalaringni amalga oshira boshlaysan. Rejang nima ham boʻlardi: bola-chaqa, tiriklikning shirin tashvishlari. Bari-bari yaxshilikdan iborat. Orada yurt koriga yarashga ham ulgurasan. Ana shunaqa, halovat — bilgan odamga ezguliklar doyasi. Uyida, elida tinchi boʻlmagan inson tushkunlik, jaholat botqogʻiga botib boraveradi — shundan Yaratgan asrasin!

Har kuni ertalab ishga ketarkanman, goʻzal manzaraning guvohi boʻlaman: bogʻchaga borayotgan shirindan-shakar bolakaylar onasi yoki opasining qoʻlidan mahkam tutgancha yetib yurishga harakat qiladi. Chunki onayu opalari ham ish va oʻqishdan kech qolmasligi kerak-da. Ammo bolalar buni oʻylaydi deysizmi: yoʻl boshlovchilariga chugʻur-chugʻur qilib savollar beradi. Kattalarning esa boshqa tashvishlari ham bor: kecha bogʻcha opalari ularga yodlash uchun bergan quvnoq sheʼrlarni takror-takror ayttirishi lozim, toki esidan chiqmasin. Shu bahona kichkintoylar javobsiz savollaridan chalgʻiydi-da.

Maktab oʻquvchilarining koʻrinishi esa boshqacharoq: bir xil ozoda kiyingan, yelkasida sumka. Ular yoʻlak boʻylab borarkan, bir-birini turtkilab, shoʻxliklar qiladi, kuladi. Goho bir-birini quvlab, yugurib qoladi. Xullas, butun borliqda baxtli bolalikning sururi va shukuhidan oʻzga maʼno yoʻq.

Yoz kechalarida shahardagi koʻp qavatli uylar oralab hech kezganmisiz? Agar bunday qilmagan boʻlsangiz, albatta, sinab koʻrishni maslahat beraman. Soat tungi oʻn boʻlsa ham bolalar maydonchasidan kichkintoylarning quvnoq qiy-chuvi, zavqli gap-soʻzi eshitilaveradi. Uyqu elita boshlagan otalar, ayniqsa, onalar ularni uyga chorlashni qoʻymaydi. Bolalarning boʻlsa, parvoyi falak... Siz bir muddat tin olasiz. Qalbingizni tinch va zavolsiz kunu tunlar uchun shukronalik, unga tutash baxtiyorlik tuygʻulari egallaydi.

Bular buyuk va ozod Vatanimizning farahbaxsh onlaridan kichik lavhalar, xolos...

Bundan ikki yilcha oldin Falastinda halok boʻlgan faqat norasidalar soni oʻn mingdan oshganini eshitgandim. Naqadar dahshat! Boʻgʻizga mislsiz faryod tiqilib, naʼra tortging keladi: oʻn ming bola-ya!.. Endi ayting-chi, oʻsha urush olovini yoqib, deylik, biri gʻolibga, ikkinchisi goʻyo vatanparvarga aylanayotgan siyosatchilarning yoki qurol tutgan boshqa kimsalarning balandparvoz gʻoyalari, johilona daʼvolari, bir goʻdakning tomchi qonini qoʻying, toʻkilgan zarra koʻz yoshiga arziydimi?! Aslo yoʻq! Chunki bolalar — tiriklik ramzi, ertangi kun umidi, hayotning davomiyligi. Norasidalarga uzilgan oʻq kelajakka, umuman, hayotga uzilgan oʻqdir!

Oʻzbek xalqi, butun oʻzbekistonliklar bu fikrning mazmun-mohiyatini allaqachon tushunib yetgan. Endi bu el oʻzining tinchligiga, baxtli hayotiga birovning daxl qilishiga hech qachon yoʻl qoʻymaydi! Chunki xalqning boshida dono rahnamosi turibdi. Bu kungi osuda turmush, halol va fidoyi mehnat asosida yuksalayotgan bunyodkorlik, yorugʻ istiqbolga sobit ishonch millat yetakchisining buyuk dahosi mahsulidir.

Maktablardan birida oʻquvchilar bilan uchrashdim. Meni yozuvchi va urush qatnashchisi deb tanishtirishdi. Qiziqarli va mantiqli savol-javoblar boʻldi, sheʼrlar oʻqildi. Tadbir yakunlangach, bir bolakay yonimga keldi. Yettinchi sinfda oʻqirkan.

— Ustoz, urush qanaqa boʻladi? — deya soʻradi u.

Bu savol meni qattiq hayajonga soldi. Aslida, quvontirdi ham. Chunki ona xalqimning urush haqida mutlaqo tasavvuri yoʻq yangi avlodi bilan yuzma-yuz turardim. Balki u urush toʻgʻrisida hikoya qiluvchi filmlarni koʻrgandir, kitoblar oʻqigandir. Lekin uning nima ekanini, qanday boʻlishini tasavvur etolmagani aniq. Bu yaxshilik alomati edi. Ilohim, yurtimizda urushni bilmaydigan avlodlar koʻpayaversin!

Albatta, hozirgi tahlikali va ertasi noayon dunyoda Vatan tinchligini saqlash, mustaqilligini asrash, xalq farovonligini taʼminlash, shuningdek, boshqalar bilan mamlakatimiz manfaatidan kelib chiqib muomala qilish oson kechmayapti. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytsak, kim aslida kim ekanini bilib boʻlmay qoldi. Barcha “oʻzim”, deydi. Bugun ona Vatanimizga gʻarazli niyat bilan qarayotganlarning maqsadini ezgu ishlarga yoʻnaltirish, birodar mamlakatlarning doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash Oʻzbekistonning bosh aʼmoliga aylangan.

“Xalqim manfaatlari men uchun hamma narsadan ustun, — deydi Prezidentimiz. — Men bu yoʻlga umrimni, hayotimni tikkanman!”.

Bugun bu oʻtli eʼtirof barchamizning asosiy shiorimizga aylanmogʻi lozim.

Odatda odamzod yaxshilikni unchalik payqayvermaydi. Toʻgʻrirogʻi, unga bepisandroq qaraydi. Yomonlikni esa darrov koʻradi va uni unutishi ham qiyin kechadi. Yaxshilikni xotiradan tez koʻtarish yoki unga koʻnikish oddiy hol. Chunki bashar ahlining feʼli shunaqa. Ushbu fikrlarimni davom ettirishdan oldin esimga tushgan bir voqeani aytib ­bersam.

Andijonning Shahrixon tumanida naqshbandiya tariqati pirlaridan boʻlmish Zuhriddin eshonbuva degan inson yashab oʻtgan (2011-yil 2-mart kuni dunyodan koʻz yumgan). Bu tabarruk zot mashhur sohibi irshod shayx Muhammad Sharif Hisoriy hazratlarining (oʻtgan asrning 90-yillarida qariyb yuz yoshda vafot etgan) muridi boʻlib, irshodni oʻsha kishidan olgan. Zuhriddin eshonbuva Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi edi. Gazeta-jurnal oʻqishni juda yaxshi koʻrardi. U vodiydagi, xususan, Andijondagi diniy boʻlinish va tajovuzlarga qarshi qattiq kurashgan.

Men ham koʻplab ixlosmandlari qatori eshonbuvaning tarbiyasini olib, xizmatida boʻlganman. U umrining oxirlarida aytgan bir gap sira yodimdan chiqmaydi.

— Bosh vazirimizning yuzida nur

bor, — degandi eshonbuva. — Shu odam davlat rahbari boʻlsa, xalqimizga chindan qayishadi va inson qadrini ulugʻlaydi!..

2015-2016-yillarda Vatanimizning ijtimoiy ahvoli bagʻoyat ogʻir edi. Xalqimiz tom maʼnoda qiynalayotgandi. Chunki oylik maosh va nafaqalar plastik karta orqali toʻlana boshlagan, lekin savdo joylarida terminallar qariyb yoʻq, bankomatlarni esa hatto xayolga ham keltirib boʻlmasdi. Xalqning qoʻlida naqd pul qolmagandi. Ammo yashash kerak-ku! Esimda, nafaqasi plastik kartaga tushirilgan otaxon va onaxonlar naqd pul olish uchun uzoq-uzoq qishloqlardan viloyat markazidagi banklarga borar, kechgacha navbatda turib, bor-yoʻgʻi yuz ming soʻmgacha naqd pulni qoʻlga kiritardi. Horib-charchagan qariyalarning ahvolini endi oʻzingiz tasavvur qilavering.

U paytlari tagʻin bir toifa ucharlar paydo boʻlgandi: ular yuqoridagi valineʼmatlari bilan til biriktirib, terminallarga ega chiqardi. Shundoqqina uyida oʻtirib, bechora mehnatkashlarning plastik kartasidagi halol maoshining 20-30 foiz qismini oʻzlashtirib, naqd pulga aylantirib berardi...

Biroq Olloh bor! U mazlumlarning ohini hamisha eshitgan. Yuqoridagi ishlarga tez orada chek qoʻyildi. Oʻzbekistonda adolat quyoshi porlab, inson qadri ulugʻlana boshladi. 2017-yil fevralining oʻzidayoq Prezidentimiz topshirigʻi bilan Xalq bankining faoliyati asosan nafaqa taʼminotiga yoʻnaltirildi. Uning barcha boʻlimlariga yuzlab zamonaviy avtomobillar ajratilib, nafaqa, pensiya puli onaxon va otaxonlarning mahallasiga, hatto xonadonigacha eltib beriladigan boʻldi. Endi nafaqaxoʻrlar oʻz pulini xohlasa naqd oladi yoki ularning ixtiyoriga koʻra plastik kartasiga oʻtkazib beriladi. Oʻsha yilning oʻzidayoq poytaxtimiz va viloyatlar markaziga son-sanoqsiz bankomatlar oʻrnatildi hamda bu jarayon haliyam davom etmoqda. Eng muhimi, soʻmimiz erkin muomalaga kiritildi. Vatandoshlarimiz chet el valyutasini olish uchun “qorabozor”larda sargʻayib turmaydigan boʻldi. Umuman, noqonuniy pul muomalasiga barham berildi. Hozir oʻz pulimizni xohlagan bankda, xohlagan chet el valyutasiga xohlagancha miqdorda emin-erkin almashtirishimiz mumkin. Bularning barchasi bir vaqtlar orzu edi, xolos. Shuning uchun ham oʻshanda elimiz yangi Prezidentimizni koʻzda yosh bilan duo qilganini xuddi bugun boʻlgandek eslayman. Zero, bu ezgu ishlarni unutishga hech birimizning haqqimiz yoʻq!

Aslida, bular buyuk islohotlarning boshlanishi edi. Koʻp oʻtmay, qoʻshni davlatlar bilan taqa-taq yopilgan eshiklar ochilishi olamshumul voqea boʻldi. U yoki bu davlatda yashab, qavm-qarindoshlarini sogʻingan odamlar bir-birinikiga bemalol borib, keladigan boʻldi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan uzoq yillar oʻz tarixiy yurtida qisinib-qimtinib, yaʼni vatansiz yashagan yuzlab kishilarga Oʻzbekiston fuqaroligi berilib, pasportlar topshirildi. Ularning sevinch koʻz yoshini, yurakdan qilgan duolarini kim ham unutadi deysiz!

2017-yilning yanvarigacha katta-katta yoʻllarimiz beton toʻsiqlarga toʻlib ketgan edi. Har qadamda, ayniqsa, viloyat va shaharlararo nazorat nuqtalari boʻlib, ularda qurollangan harbiylar, shuningdek, ichki ishlar xodimlari turardi. Boz ustiga, uzoq tekshirishar, pasportsiz mutlaqo oʻtkazishmasdi. Yaʼni yurtimizda kommendantlik soati eʼlon qilingandek, harbiy holatda yashayotgandek his etardik oʻzimizni. Yangi davr bu koʻrgiliklarga ham tez orada barham berdi.

Insonparvarlikka yoʻgʻrilgan bunday islohotlar Oʻzbekistonda tinimsiz davom etmoqda. Ularni sanab, adogʻiga yetish mushkul.

Kamina faxriy jangchiman. Shundan kelib chiqib, yurtimizda qilingan ikki olijanob ishni alohida taʼkidlagim ­keldi: 2019-yil 2-fevral kuni Mustaqillik maydonida 1979-1989-yillarda kechgan mudhish urushda halok boʻlganlar xotirasiga yodgorlik oʻrnatildi va ularning nomi yozib qoʻyildi. Uzoq yillar unutilib kelgan jasur yigitlarning shaʼni ulugʻlanib, adolat qaror topdi.

Qalbimni toʻlqinlantirgan ikkinchi holat esa 2020-yili poytaxtimizda “Gʻalaba bogʻi” barpo etilishi boʻldi. Ushbu qutlugʻ maskandagi tarixiy eksponatlar, monument va suratlar, videolavhalar xalqimizning shonli oʻtmishidan, fashizm ustidan qozonilgan buyuk gʻalabaga qoʻshgan taʼrifsiz hissasidan hikoyalar soʻzlaydi. Aminmanki, janglarda shahid ketgan ota-bobolarimiz va birodarlarimizning pok ruhi ikki savobli ish tufayli shod boʻldi.

“Yangi Oʻzbekiston bogʻi”ning bunyod qilinishi va unda xalqimizning boy tarixi hamda bugungi yuksalish davri haqida hikoyalar soʻzlaguvchi ulkan purmaʼno yodgorlik oʻrnatilishi ham davlatimiz rahbarining tashabbusi mahsulidir.

Ona Vatanimiz jamoliga boqib, iftixorim osmon qadar yuksaladi. Toshkentda qisqa muddatda qad rostlagan “Tashkent City”ni ayting: yaqin-yaqingacha uning oʻrnida qandaydir pastak, koʻrimsiz imoratlar mungʻayib turardi. Endi boʻlsa, ushbu manzil poytaxtimizning yuragiga aylanib ulgurdi.

Mamlakatimiz yetakchisi yangi-yangi olamshumul gʻoyalarni ilgari surishdan, bunyodkorliklarga asos solishdan charchamaydi. Yaqinda shundoqqina Toshkent biqinida Yangi Toshkent shahrini barpo etishga start berildi va hozir u yerda bunyodkorlik ishlari jadal bajarilmoqda. Yangi Toshkentning loyiha maketini koʻrib, hayratdan yoqa ushladim.

Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi nafaqat yurtdoshlarimizning, balki chet ellik mehmonlarning ham sevimli ziyoratgohiga aylanib, barchani hayratga oshno etmoqda. Ular bu inshootlar ijodkoriga tasanno aytmoqda.

Xalqimizda “Qadamidan yaxshilik unadi” degan gap bor. Shularni eslarkanman, Prezidentimizning yurgan yoʻlida bunyodkorlik, obodlik unadimi deb oʻylab qolaman. Chunki qayerga borsa, hech boʻlmasa, bitta katta qurilishga tamal toshi qoʻyadi-da! Mana, Andijonimizga ham keldi-yu, Yangi Andijon shahrini bunyod etish haqida topshiriq berdi. Koʻp oʻtmay, mablagʻ ajratdi. Yana bir tashrifi chogʻida esa Andijonda qad rostlagan yangi shaharga hazrati Bobur nomini berdi.

Oʻtgan yili “Maʼnaviyat karvoni” ijodiy guruhi tarkibida Qashqadaryo viloyatida uchrashuvlarda boʻldik. Oʻsha tadbirlarning birida soʻzga chiqqanimda, ayni kunlarda Andijon biqinidagi taqir qirlar ustida Yangi Andijon shahri barpo etilayotgani, unda koʻplab zamonaviy koʻp qavatli uylar, dam olish joylari, oshxona va qahvaxonalar, oʻyin maydonlari, infratuzilma obyektlari boʻlishini aytib berdim. Oxirida “Sizlar ham duo qiling, Prezidentimiz tezroq bu yerga tashrif buyursa, sizlarga ham bitta yangi shahar nasib qiladi”, deya hazillashgan boʻldim. Odamlar tik turib qarsak chaldi. Bu elimizning oʻz yoʻlboshchisiga cheksiz mehridan dalolat edi.

Keyingi yillarda mahalla tizimiga alohida eʼtibor qaratilib, qator muhim islohotlar oʻtkazildi. Chunki mahalla jamiyatimizning yuragi. U yerda hamma bir-birini taniydi, turish-turmushidan boxabar. Shuning uchun mahallada ishlash, muammolarni oʻz vaqtida hal etish osonroq kechadi.

Bugun mahallada kam taʼminlangan oilalar, ayollar, yoshlar bilan shugʻullanuvchi alohida xodimlar mavjud. Hokim yordamchilari hamda profilaktika inspektorlarining oʻziga xos vazifalari bor. Umuman, mahallalardagi “yettilik” muammolarni hal etish, tinchlik-osoyishtalikni saqlash, ahillik va islohotlarni amalga oshirishda ancha samarali ishlamoqda. Bu tizimda hal etilmagan har bir masala hokim yordamchilari orqali viloyat hokimlari, hatto Prezidentimiz eʼtiborigacha taqdim qilinmoqda. Yaqinda davlatimiz rahbari mahalla va uning yettiligi faoliyatini takomillashtirishga bagʻishlangan alohida yigʻilish oʻtkazib, tizimga kiritiladigan yangiliklar haqida gapirdi va yangi vazifalarni belgilab berdi.

Elimiz yaxshi kunlariga, ezgu maqsadlariga hamisha koʻpchilikning duosi tufayli erishadi. “Duo bilan el koʻkaradi” degan naql bejiz oʻzbekona shiorga aylanmagan. Shuning isboti oʻlaroq, Prezidentimiz har safar Buxoroi sharifga yoki Samarqandga tashrif buyurganida ishni, eng avvalo, buyuk bobolarimiz Bahouddin Naqshband va Imom Buxoriy hazratlarining maqbaralarini ziyorat qilishdan boshlaydi. Bu goʻzal anʼanaga aylangan. Oʻtgan yili Buxoroga tashrifi chogʻida ham shayx ul-mashoyix mozorini ziyorat qildi. Meni hayajonga solgani, davlatimiz rahbarining ziyorat oxirida shaxsan oʻzi duoga qoʻl ochib, “Yurtimiz tinch boʻlsin!” deganidir.

Bu yil ham 15 mingdan ortiq yurtdoshimiz haj safariga bordi. Ularning yuz nafari davlatimiz rahbari hisobidan hojilik maqomiga erishdi. Oʻsha kunlari vaqti har qancha tigʻiz boʻlishiga qaramay, Prezidentimiz imkon topib, Saudiya Arabistonida hojilarimizga boshchilik qilib turgan Oʻzbekiston muftiysi bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat bagʻoyat samimiy oʻtib, mamlakat yetakchisi vatandoshlarimizning kayfiyati, yaratilgan shart-sharoitlar haqida soʻradi va salomini yoʻlladi.

Yoshlarimiz orasida bilimga tashnalik tobora kuchayib bormoqda. Bunga “Maʼrifat ulashib” tadbiri doirasida Namangan viloyatidagi oliy oʻquv yurtlarida oʻtkazgan uchrashuvlarimizda toʻla amin boʻldik. Hamrohlarimdan biri — filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborning Namangan davlat universiteti talabalari bilan muloqoti, ayniqsa, hayajonli kechdi. Atoqli olim Hazrat Navoiyning bir baytini yoshlar hukmiga havola etib, sharhlab berishni soʻradi. Zalda birdan qoʻzgʻalish roʻy berdi: talabalar oʻz soʻzlarini aytish uchun ketma-ket qoʻl koʻtara boshladi. Qizigʻi, sharhlar qariyb bir-birini takrorlamasdi. Bundan quvonmay boʻladimi! Biz ham bir paytlar talaba edik, ammo mumtoz adabiyotga bu qadar mehr va ishtiyoq bilan yondashib, baytlarni sharhlay olganimizni eslolmayman. Demak, Prezidentimiz tomonidan tashkil etilgan “Maʼrifat ulashib” dasturi oʻzining oliy maqsadiga erishmoqda. Yoki Namangan muhandislik-texnologiya institutiga borganimizni eslasam: avvalo, bizni u yerdagi obodlik, koʻkalamzorlashtirish ishlari hayratga soldi. Hammayoq turli daraxtlar, gullarga burkangan, yoʻlaklar sersoya, orasta. Ajabki, aniq fanlarga ixtisoslashgan texnika institutida muxtasargina “Adiblar xiyoboni” tashkil qilinib, atoqli adiblarimizning byusti va suratlari oʻrnatilibdi. Koʻplab adabiy-maʼrifiy tadbirlar shu yerda oʻtkazilar ekan.

Men ham qalam ahlidanman. Demak, davlatimizning adabiyotimiz, jumladan, adiblarimizga alohida eʼtibori haqida gapirmasam boʻlmas. Poytaxtimizning qoq markazida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun barpo etilgan muhtasham bino va unga tutash ­Adiblar xiyoboni biz — oʻzbek shoiru yozuvchilari qalbini cheksiz faxr tuygʻusiga toʻldirayotgan boʻlsa, chet ellik mehmonlar hamda hamkasblarimizda havas uygʻotmoqda.

Bu yil Prezidentimiz farmoniga binoan sanʼatkorlar va adiblarning katta bir guruhi davlatimizning yuksak mukofotlari hamda unvonlari bilan taqdirlandi. Oʻsha tantanali yigʻilishda davlatimiz rahbari ijodkorlarga “Inson qalbining muhandislari”, deb bagʻoyat yuqori baho berdi.

Har yili goʻzal va soʻlim Zomin togʻlarida yosh ijodkorlarning seminari koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtadi. Ushbu ijodiy tanlovga Prezidentimiz (u paytlari ­Shavkat ­Mirziyoyev Jizzax viloyati hokimi boʻlgan) va Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri ­Abdulla Oripov tomonidan asos solingani uchun ham alohida eʼtibor bilan yuqori saviyada tashkil etiladi. Isteʼdodi eʼtirof qilingan oʻnlab yoshlarning sheʼriy va nasriy kitoblari uyushma homiyligida nashrdan chiqariladi. Bu esa ertangi adabiyotimizga qoʻyilgan tamal toshi boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Bugun dunyo notinch, muqarrar tahlika ostida yashamoqda. Baʼzi davlatlar allaqanday puch gʻoyalarni roʻkach qilib, oʻzlarining harbiy qudratini koʻz-koʻz qilish bilan ovora. Ular urushni oʻz nomi bilan atamay, qandaydir iboralar vositasida xaspoʻshlashni odat qildi. Nobud boʻlayotgan minglab insonlar, ayniqsa, bolalarning, dahshatli vayronaliklarning goʻyo ularga mutlaqo aloqasi yoʻqdek.

Biz esa tinch, osuda hayotga koʻnikib qolganmiz. Shuning uchun baʼzan uning qadriga yetmay ham qoʻydik. Xuddi bu munavvar turmush, halovat oʻz-oʻzidan boʻlib qolgandek. Axir uning zamirida qanchalar zahmatli mehnat, oqilona siyosat, uzoqni koʻzlagan tadbirlar, uyqusiz tunlar yotganini nahotki bilmasak?! Bu ezgu ishlarning barchasi davlatimiz rahbarining buyuk tafakkuri va dahosi tufayli-ku!

Hech eʼtibor berganmisiz: Prezidentimiz qaysi mamlakatga borsa, alohida hurmat-eʼtibor bilan kutib olinadi. Koʻplab davlat rahbarlarining u bilan koʻrishganidan faxrlanayotgani seziladi. Chunki ular mamlakatimiz yetakchisini buyuk islohotchi va tinchliksevar siyosatchi sifatida tan olgan. Ona Oʻzbekistonimiz odimlaridan osoyishtalik, halovat ufurganidek, dunyo ahli nazarida Prezidentimiz tinchlik elchisiga aylangan. Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining xalqaro munosabatlarga taʼsir oʻtkaza oladigan nomdor siyosatchilar qatoriga qoʻshilganini barcha koʻrib, bilib turibdi.

Buyuk shaxslar maxsus missiyani amalga oshirish uchun tugʻiladi va xalqlarini ulugʻ ishlarga boshlaydi. Tariximizda oʻtgan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi bobolarimiz hayoti bunga yaqqol misol. Ularning biri buyuk saltanat tuzib, el ichra adolat oʻrnatgan boʻlsa, boshqasi oʻz xalqini yarim dunyoni egallagan yovuz dushmandan himoyalab, gʻanim yuragiga qoʻrquv sola olgan. Uchinchisi begona yurtda olamga dong taratgan qudratli davlat barpo etgan. Bugun ularning shonu shavkati oldida barcha bosh egadi.

Nazarimda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga ham Yaratgan tomonidan ana shunday muhim missiya yuklangan. Uning qudratli davlat qurish, oʻzbek xalqini baxtiyor va boy ellar qatoriga qoʻshish yoʻlidagi olamshumul islohotlari shundan dalolat bermoqda. Tarixni buyuk shaxslar yaratadi, bu isbotlangan haqiqat. ­Prezidentimiz bu gapni ikki karra tasdiqlab, ona Oʻzbekistonimizning ulkan va shonli yangi tarixini yaratmoqda.

Nabi JALOLIDDIN,

Oʻzbekiston Yozuvchilar

uyushmasi aʼzosi