Ulugʻ maqsadlar sari ishonchli qadam

    Fikr 29 Sentabr 2020 1830

    Barchamiz guvoh boʻlib kelayotganimizdek, 2020-yilda ilgari tariximizda koʻrilmagan murakkab sinov va mashaqqatlar koʻp boʻldi. Ayni vaqtda bu yil xalqimizning qudrati va salohiyati, donishmandligi, mardligi va matonati har qachongidan ham yaqqol namoyon boʻlgan yil sifatida tarixda qoladi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning jahon miqyosidagi eng oliy minbar — Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida soʻzlagan nutqi ham, hech shubhasiz, xalqimiz, Vatanimiz hayotidagi eng yorqin tarixiy voqealardan biridir. Qariyb yigirma daqiqa davom etgan, lekin oʻzining chuqur maʼno-mazmuni, tahliliy ruhi, mintaqaviy va global miqyosdagi eng dolzarb muammolarga konstruktiv yondashuvi va aniq-ravshan yechim va takliflarni ilgari surgani bilan bu nutq asrlarga tatigulik ahamiyatga ega ekanini bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz jamoatchiligi, balki xalqaro ekspert va kuzatuvchilar ham eʼtirof etmoqda.

    Mazkur nutqni katta eʼtibor va hayajon bilan tinglab, qalblarimiz qanchalik gʻurur-iftixorga toʻlgan boʻlsa, u haqda bildirilayotgan xolis fikr va mulohazalar, haqqoniy eʼtiroflarni eshitib, koʻnglimiz yana-da togʻdek koʻtarilmoqda. Bu yangi Oʻzbekistonimizning dunyo maydonidagi yana bir ulkan yutugʻi boʻlib, buning natijasida xalqaro hamjamiyat, turli davlatlar, xorijiy sarmoyador va ishbilarmonlar, biznes olamining koʻzga koʻringan namoyandalari oʻrtasida mamlakatimizga, biz bilan hamkorlik qilishga qiziqish va intilish yana-da ortishini tasavvur qilish qiyin emas, albatta.

    Yaqinda oʻz mustaqilligining 29 yilligini nishonlagan jonajon Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy sohalarda erishayotgan yutuqlarini ana shu sana munosabati bilan atroflicha sarhisob qilib oldik.

    Prezidentimiz eng ulugʻ va eng aziz bayramimiz munosabati bilan soʻzlagan nutqida bu boradagi eng muhim yoʻnalishlarga toʻxtalib, oldimizda turgan vazifalarni yana-da aniq-ravshan belgilab berdi.

    Mavjud qiyinchiliklarga qaramay, yurtimizda roʻy berayotgan tarixiy oʻzgarishlar, ishga tushirilayotgan yangi-yangi ijtimoiy-iqtisodiy obyektlar, qurilish va bunyodkorlik ishlarining koʻlami mamlakatimiz haqiqatan ham oʻz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida marrani nihoyatda baland olgani va koʻzlagan manzillariga albatta yetajagini yaqqol namoyon etmoqda.

    Prezidentimizning BMTdagi tarixiy nutqini butun xalqimiz qatori men ham chuqur hayajon bilan tinglab, mintaqamiz va global miqyosdagi muammolar boʻyicha ilgari surilgan yangi fikr va tashabbuslardan juda toʻlqinlandim. Ayniqsa, bir ijodkor sifatida buyuk bobomiz Alisher Navoiy tili — oʻzbek tili davlatimiz rahbari timsolida butun yigirma daqiqa davomida jahon minbarida xalqaro til, xalqaro muloqot vositasi boʻlib turganidan behad quvonib, oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qoldim. Chunki oʻzbek tili, milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz va sanʼatimizning shuhratini dunyoga taratish ne-ne ulugʻ ustozlarimizning ushalmas orzusi, armoni boʻlib kelgan edi. Shuning uchun bu nutq nafaqat biz — oʻzbekistonliklar, ayni vaqtda butun turkiy olam uchun chinakam maʼnaviy bayram boʻldi. Men qattiq hayajondan, bamisoli uzoq yillar yoʻqotib qoʻygan eng qimmatli boyligimizni topgandek, yayrab ketdim, koʻzimda quvonch yoshlari, shukrona yoshlari paydo boʻldi.

    Alisher Navoiy bobomiz dunyo ijodkorlari ichida eng koʻp —
    26 mingdan ziyod soʻz ishlatib, ona tilimiz benihoya boy va taʼsirchan til ekanini amalda isbotlagan. Shu bois, cheksiz gʻurur bilan “Turk nazmida chu men tortib alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam”, deb taʼkidlagan. Ul buyuk ajdodimiz turkiy qavmlarni bir adabiy til vositasida yana-da yaqinlashtirgan boʻlsa, Prezidentimiz ushbu nutqi bilan dunyoning barcha mamlakatlarida yashab kelayotgan millatdoshlarimiz qalbida yagona til, yagona Vatan tuygʻusini kuchaytirib, ularni maʼnaviy jihatdan yana-da mushtarak qildi.

    Jahon xalqlari minbarida ona tilimizning ilk bor bunday magʻrur yangrashi yangi Oʻzbekistonning ovozi, tashabbuslari dunyoni tobora koʻproq qamrab olayotganidan dalolatdir.

    Davlatimiz rahbari oʻz nutqida oltita muhim masalaga toʻxtalib oʻtdi. Ayniqsa, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo va dunyo miqyosidagi siyosiy jarayonlarda tutgan oʻrni, geosiyosiy ahamiyati yana-da chuqur ifoda etilgani, qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro tinch-totuv yashash, azaliy doʻstona hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar, xotin-qizlar masalasi, global iqlim oʻzgarishlari, jumladan, Orolboʻyi hududidagi murakkab ekologik vaziyatni yumshatish, Afgʻonistonda barqaror tinchlik oʻrnatishga doir fikr va tashabbuslar beqiyos ahamiyatga egadir.

    Prezidentimiz hozirgi vaqtda koronavirus pandemiyasini bartaraf etishning eng asosiy sharti barcha mamlakatlarning jipslashuvi, oʻzaro ishonch va kelishuv negizida harakat qilish va samarali hamkorlik ekanini alohida taʼkidladi. Nutqda mamlakatimizda soʻnggi toʻrt yil mobaynida amalga oshirilgan islohotlar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Xususan, jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar natijasida yangi Oʻzbekiston shakllanayotgani, mamlakatimizda demokratik oʻzgarishlar ortga qaytmaydigan tus olganiga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Oʻzbekistonda gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylangani, inson huquqlari sohasidagi vaziyat butunlay oʻzgarib, majburiy va bolalar mehnati toʻliq tugatilgani, mamlakatimizda Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiya qabul qilingani aytilib, ularning mohiyati va ahamiyati ochib berildi.

    BMT fuqaroligi boʻlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʻiga javoban, Prezidentimiz tashabbusi bilan shu yilning oʻzida fuqaroligi yoʻq 50 ming yurtdoshimizga Oʻzbekiston fuqaroligi berilgani, 50 ming insonning hayoti, taqdiri, huquq va manfaatlari mamlakatimizda shu tariqa davlat himoyasiga olingani qancha-qancha vatandoshlarimiz, ularning oilasi, farzandlari qalbiga soʻz bilan ifoda etib boʻlmaydigan xursandchilik olib keldi.

    Yurtimizda yana bir muhim soha — diniy erkinlik borasidagi vaziyat ham keskin yaxshilanib, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

    Prezidentimiz jahon hamjamiyati eʼtiborini qaratgan yana bir masala — jamiyatimizda sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan keng qamrovli islohotlar, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashning yangi bosqichga koʻtarilganidir.

    Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilib, birinchi marta qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni kamaytirish haqidagi qatʼiy qarorimiz butun dun­yoga ochiq eʼlon qilindi.

    Davlatimiz rahbari yurtimiz aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etishi, shu bois, har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʻrin egallashi va oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab, dunyo hamjamiyatini yana bir bor BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. Bu yuksak daʼvat sayyoramizdagi nufuzli siyosatchilar tomonidan olqishlanmoqda. Chunki yoshlarning taqdiri dunyoning kelajagi va taqdiri demakdir.

    Meni benihoya toʻlqinlantirgan yana bir taklif, Prezidentimizning YUNESKO bilan hamkorlikda 2021-yilda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro forum oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusi boʻldi.

    Barchamizga yaxshi ayonki, xalqimiz azaldan mehmondoʻstligi, yuksak insonparvarlik fazilatlari bilan hurmat-eʼtibor qozonib keladi. El-yurtimizning ana shunday olijanob qadriyat va anʼanalari, bizning qanday buyuk tariximiz va madaniyatimiz borligi, el-yurtimizning milliy qiyofasini dunyoga tanitish, shu asosda madaniy diplomatiyani, turizm sohasini rivojlantirishdek ezgu maqsadlarni roʻyobga chiqarishda zikr etilgan anjuman, hech soʻzsiz, muhim ahamiyatga ega boʻladi. Bunday forumlarga, birinchi navbatda, ilm-maʼrifat va madaniyat namoyandalari, olimu fuzalolar, sanʼat ahli, ijodkorlar keladi. Tabiiyki, ular oʻz yurtlariga borib, anjuman davomida koʻrganlarini oʻz yurtdoshlari oʻrtasida targʻib qiladi. Xivadek asrlar sinovidan oʻtib kelayotgan moʻjiza shaharni koʻrish, ochiq osmon ostidagi inson aqlu zakovatining yorqin timsoli boʻlgan, koʻhna tarixdan hikoya qilayotgan turfa majmualarni, osori atiqalarni tomosha qilish, bu yerda qadimiy Sharq nafasi, tarixi va falsafasini his etish dunyodagi qancha-qancha odamlar uchun shirin orzudir. Bunday xalqaro forumlarning yuksak saviyada oʻtkazilishi esa ana shunday orzumandlar sonining yana-da ortishiga sabab boʻladi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan yana bir muhim taklif — BMT Bosh Assambleyasining barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish haqidagi tashabbus ham bugungi zamon va taraqqiyot talablari ruhiga mosligi bilan alohida ajralib turadi.

    Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston Prezidentining BMTdagi bu galgi nutqi va unda koʻtarilgan masalalar ham oʻta dolzarbligi, xalqimiz, Vatanimiz, har birimizning hayotimiz va kelajagimizga daxldorligi bilan benihoya ulkan qimmatga egadir.

    Albatta, qisqa vaqt — yigirma daqiqaga yaqin vaqt ichida mintaqamiz va dunyo taqdiriga daxldor bunday ulugʻvor gʻoya va tashabbuslar, amaliy fikr va takliflarni ilgari surish uchun yuksak donishmandlik, uzoqni koʻzlab fikr yuritish, intellektual tafakkur salohiyati, jasorat, keng va saxovatli qalb kerak, eng muhimi, oʻz xalqi va mamlakatining ravnaqi, sogʻligʻi-omonligi va saodatini har qanday narsadan ustun qoʻyib, shu yoʻlda butun borligʻini berib, harakat qilayotgan tom maʼnodagi milliy yetakchi boʻlish lozim.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev siymosida butun dunyo ahli yana bir bor ana shunday jonkuyar va donishmand rahbarni koʻrdi va Oʻzbekiston oʻz yetakchisi bilan birga ulugʻ maqsadlariga, albatta, yetishiga ishonch hosil qildi.

    Mahmud TOIR,

    Oʻzbekiston xalq shoiri, senator