Qahramonimiz Namangan davlat universitetida talabalarga fizika fanidan dars beradi. O'zi shu sohada qator ixtirolar ham qilgan. Ayniqsa, uning yana bir innovatsion loyihasi — maktablarda fizika fanini o'qitishga mo'ljallangan o'quv laboratoriyasi hozircha yurtimizda shu turdagi yagona qurilma hisoblanadi.
Laboratoriya jamlanma holida ishlab chiqarilgan. Uni istalgan xonaga o'rnatib, fizika fani amaliyotini olib borishda foydalanish mumkin. Komplekt umumta'lim maktablari uchun mo'ljallangan bo'lib, darsliklardagi mavzular asosida ishlab chiqilgan. O'quvchilar darsda olgan bilimlarini laboratoriyadagi qurilmalar, fizik xossalar asosida amaliyotda qo'llashlari mumkin bo'ladi. Ixcham, asosiysi, bir joydan ikkinchi joyga ko'chirish mumkin bo'lgan laboratoriya jamlanmasi mamlakatimizning eng chekka hududlarida joylashgan maktablarda foydalanishga ham ancha qulay.
— Oliy ta'limni tamomlab, universitetda ish boshlaganimdan so'ng, menga viloyatdagi maktablarni o'rganish vazifasi topshirildi, — deydi Ulug'bek Turdaliyev suhbat davomida. — eng birinchi, o'zim o'sib-ulg'aygan Pop tumaniga bordim. O'rganishlarim davomida maktablarda fizika fanini o'qitishda asosiy muammo o'quv laboratoriyalarining yetishmasligi, ba'zi maktablarda esa umuman yo'qligi ekanini ko'rdim. Gap shundaki, bunday laboratoriyalar ancha qimmat bo'lib, xorijdan katta mablag' hisobiga olib kelinar ekan. Shu bois, hamma maktablarda ham bo'lavermaydi. Bu holat meni o'ylantirib qo'ydi. Axir, fizika fanini amaliy mashg'ulotlar, laboratoriya sinamalarisiz chuqur o'rganish qiyinku! Shundan so'ng o'zimga O'zbekistonda ham o'quv laboratoriyalarini ishlab chiqarish mumkinmi, degan savolni berdim. Nega bo'lmas ekan, albatta mumkin. Va men ana shunday laboratoriya kompleksini yarataman hamda bu qurilma universal bo'ladi, degan qarorga keldim.
Shu tariqa, Ulug'bek g'oyasi ustida tinimsiz ishlab, juda ko'p manbalarni o'qib-o'rgana boshladi. Xorij laboratoriyalarini kuzatib, internet orqali 3D modellashtirish dasturini o'zlashtirdi. Buning uchun yaxshigina mablag' ham sarfladi. Maktab o'quv adabiyotlarini qayta o'qib chiqdi. Nihoyat, oradan bir yil o'tib, qurilmaning birinchi ko'rinishi tayyor bo'ldi.
Talabalik yillaridayoq fizik qurilmalar ustida izlanishlar olib borgan Ulug'bek uchun laboratoriya jamlanmasini yasash u qadar qiyinchilik tug'dirmadi. Axir, uning birinchi yasagan texnik ishlanmasi oddiy uskuna emas, optik teleskop bo'lgan. Mazkur teleskop eng sodda mexanizmga asoslangan bo'lib, ikkita qavariq optik linza va maxsus ko'rish trubasidan tashkil topgan. Qurilma yordamida uzoqda joylashgan buyumni 10 martagacha kattalashtirish mumkin. Bundan tashqari, optik turbinaning uzunligini o'zgartirish orqali kerakli fokus masofani tanlash imkoni ham mavjud.
“Namangan” brendi ostida ishlab chiqariladi
Davlatimiz rahbari har gal yoshlar bilan uchrashganlarida, “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!”, degan so'zlarni takrorlaydilar. Bu shunchaki da'vat emas. Aksincha, bugun yurtimizda qaysi soha bo'lmasin, o'qiyman, ilm qilaman, degan yoshlarga barcha sharoitlar yaratilyapti. Yigit-qizlarning innovatsion loyihalari qo'llab-quvvatlanib, moliyalashtirilyapti. Natijada yuzlab, minglab ishlanmalar tayyor ixtiroga aylanmoqda.
Ulug'bek o'zi yaratgan fizika laboratoriyasi jamlanmasi bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o'tkazilgan “Bo'lajak olim” tanlovida ishtirok etdi. Loyiha ko'pchilikda qiziqish uyg'otdi. Tanlovda g'olib topilib, unga 13 853 000 so'm mablag' ajratildi.
— Bu mablag'ga kerakli texnika va qurilmalarni xarid qilib, laboratoriya komplektining yangi universal ko'rinishini yaratdim, — deydi yosh olim. — Jamlanma mobil holda ishlab chiqarilgan bo'lib, uni istalgan vaqtda, istalgan joyga olib borib foydalanish mumkin. Doimiy elektr energiyasi va o'quv xonasi talab etmaydi. Ixcham laboratoriyaga 24 ta qurilma o'rnatilgan. Ularda 6 ta laboratoriya ishi hamda xorij analoglaridan farqli holda, 4 ta namoyish tajribasini bajarish imkoniyati mavjud. Qolaversa, narxi shu turdagi chet el qurilmalaridan ancha arzon.
Mazkur qurilmani hududlarda ommalashtirish yaxshi samara beradi. Hozirgi kunda laboratoriya komplektining joylarda taqdimoti o'tkazilib, ishlash mexanizmi bilan tanishtirilyapti. Seminarlar tashkil etilib, fizika fani o'qituvchilariga namoyish etilmoqda. Ko'plab maktablar qurilmani sotib olish taklifini ham bildiryapti.
Bir necha kun avval Namangan viloyati hokimi SHavkat Abdurazaqqovning talaba yoshlar bilan o'tkazgan uchrashuvi Ulug'bek uchun yana bir imkoniyat bo'ldi. Yosh olimnnig ixtirosi bilan tanishgan viloyat hokimi laboratoriya koplektini maktablarga joriy etish taklifini qo'llab-quvvatladi. Mas'ullarga viloyatdagi 12 ta fizikaga ixtisoslashtirilgan maktablarga homiylik mablag'lari hisobidan mazkur laboratoriya jamlanmasini etkazish topshirig'i berildi.
— Bu men uchun katta yutuq, — deydi Ulug'bek. — Nafaqat viloyatimiz, balki O'zbekistondagi barcha maktab o'quvchilari fizika fani amaliyotini shunday zamonaviy laboratoriyalarda o'tishini istardim. Chunki bolaning maktabda olgan bilimi qancha yuqori bo'lsa, kelgusida o'z yo'lini oson tanlay oladi. Qolaversa, bo'lajak fizik, astronomlar aynan maktabda etishib chiqadi. Kelgusida “Namangan” brendi ostida innovatsion laboratoriya ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etish niyatim bor. Bu korxona ilmiy sohadagi izlanishlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Sanjarbek HAMIDOV,
Jurnalist