Jurnalistni boshqalardan ajratib turadigan eng muhim jihat – yon-atrofida boʻlayotgan voqea-hodisalarga befarq qaray olmasligi. Haqiqiy jurnalist odamlar kunda-kunora koʻraverib odatlanib qolgan va eʼtiborsiz boʻlgan muammolarni zukkolik bilan ilgʻaydi. Shuningdek, har bir kundalik voqea-hodisaga munosabat bildira oladi. Sohada fidoyilik bilan mehnat qilayotgan, axborot tarqatish va uni tahlil qilish bilan shugʻullanayotgan jurnalist borki, Vatanini ozod va obod, xalqi hayotini farovon, oʻzi mansub jamiyatni benuqson koʻrgisi keladi.

Ana shunday fidoyilardan biri Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, davlat va jamoat arbobi Safar Ostonov edi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida ustoz ijodkorning “Umid bilan yashagin” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Afsuski, bu kunlarga Safar akaning oʻzi yetib kela olmadi.

– 73 yil yashab, salkam ellik yillik zahmatli hayotini jurnalistikaga bagʻishlab, umrining soʻnggi nafasiga qadar qoʻlidan qogʻoz-qalam tushmagan ustozimiz Safar Ostonovning ushbu kitobi nihoyat dunyo yuzini koʻrdi, – deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Norqobil Jalil. – Bilmayman, ustoz bu kitobi uchun materiallarni qachondan beri toʻplagan, kimlarga maslahat solgan. Lekin bir haqiqat ayonki, Safar aka keyin­gi 25-30 yil ichida har kuni sargʻayib ketgan bu qoʻlyozmalar, bloknotu gazeta taxlamlarini necha marta varaqlab, koʻzdan kechirib oʻtirganiga guvohman. Kitobning “Umid bilan yashagin” deb nomlanishi ham bejiz emas. Sababi, Safar Ostonning hayot aʼmoli, shiori aslida umid bilan yashamoq edi! Umid uning topinguvchi bayrogʻi edi.

S.Ostonov mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, keng koʻlamli islohotlar maʼno-mazmunini jamoatchilikka yetkazish, milliy qadriyatlarni targʻib etish, axborot sohasidagi siyosatni amalga oshirish ishlariga munosib hissa qoʻsha olgan ijodkorlardan edi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat yuritgan davrida qonun ijodkorligi sohasida boy bilim va tajribasini yorqin namoyon etdi. Soʻnggi yillarda xalq bilan bevosita muloqot qilish asosida jamiyatimiz hayotini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish borasidagi tashabbuslarni ommalashtirishda, ayniqsa, jonbozlik koʻrsatdi.

Mahoratli jurnalist Safar Ostonov ijtimoiy hayotdagi koʻplab dolzarb va keskin muammolarni dadil koʻtarib, ularni xolis va haqqoniy yoritadigan, faol fuqarolik pozitsiyasi, vatanparvarligi bilan keng jamoatchilik oʻrtasida munosib obroʻ-eʼtibor qozongan oʻtkir qalam sohibi edi. Oʻnlab isteʼdodli yoshlarga jurnalistika sohasi sir-asrorlarini oʻrgatib, salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun oʻzini ayamasdan, begʻaraz xizmat qiladigan mehribon va talabchan ustoz sifatida tanilgandi.

– Tajribali muharrir Safar Ostonov qalam tebratmagan mavzuning oʻzi yoʻq edi, – deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Jabbor Razzoqov. – U qaysi sohada yozmasin, voqea-hodisa tafsilotlarini chuqur oʻrganib, fikrini jamlagan holda yozuv stoliga oʻtirar, charchash nimaligini bilmas edi. Sud-huquq mavzusida maqola yozadigan publitsistlar respublikamizda sanoqli boʻlgan. Bu borada Safar yetakchilardan biri edi.

Tadbirda Safar Ostonovni yaqindan bilgan-tanigan doʻstlari, hamkasblari, shogirdlari soʻzga chiqib, turli yillarda yozilgan dolzarb mavzudagi maqolalar, ocherklar va ijodkor haqida hamkasblari bitgan xotiralardan jam boʻlgan kitob hamda uning muallifi haqida soʻzladilar.

– Ustoz bir umr eʼtiqodiga sodiq qoldi, – deydi taniqli jurnalist Roʻziboy Qoʻldoshev. – U xalqi, millati va vatanini Safar Ostonga xos muhabbat bilan sevar va qadrlar edi. Shuning uchun bugun uning kitobi taqdimotida soʻzga chiqqanlar, asosan, jurnalistning ana shu betakror fazilatlarini urgʻuladilar.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri