Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil boʻlmoqda.
Jarayonda ijtimoiy
himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda. Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum
bolalar va vatan sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlganlar farzandlariga
bir martalik moddiy yordam berilyapti. Shuningdek, ogʻir va nogironlikni keltirib
chiqaruvchi kasalliklarga chalingan bolalarga bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkazilmoqda.
Mazkur ezgu amallar
jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytiradi. Kam taʼminlangan oilalarga yengillik
yaratib, insonlar oʻrtasida oʻzaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlaydi.
Navoiy viloyatida
ham ushbu xayrli ishlar davom etmoqda. Prezidentimiz qarori ijrosini taʼminlash
maqsadida viloyatdagi ogʻir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga
chalingan bolalar aniqlangan. Bemor bolalarda jarrohlik amaliyotlarini
oʻtkazish rejasi ham ishlab chiqildi.
Qarorga koʻra,
bemorlarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, jarrohlik va davolash xarajatlari
“Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali qoplanmoqda.
Fond esa ushbu xarajatlar uchun davlat maqsadli jamgʻarmalari va boshqa
manbalardan ajratilgan mablagʻlarni yoʻnaltirgan. Mehr-muruvvat karvoni oʻz
harakatini viloyat boʻylab toʻxtatgani yoʻq. Aholining ehtiyojidan kelib
chiqib, vaucherlar oʻz egalariga yetkazildi. Ular bundan respublikamizdagi
barcha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida foydalanishi mumkin.
— Bu yilgi Qurbon
hayiti bayrami arafasida nogironligi boʻlgan, davlat taʼminotidagi kambagʻal
oilalarning 6369 tasiga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi, — deydi Ijtimoiy
himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari
Farrux Bafoyev. — Bugungi kunda viloyat boʻyicha ogʻir va nogironlikni keltirib
chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 139 bola roʻyxatga olindi. Bundan tashqari,
onkologik kasallikka chalingani bois, roʻyxatga kirgan 563 bemor tezroq
sogʻayishi uchun hududiy tibbiyot birlashmalarida 40 ta oʻrin tashkil qilindi.
Shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yolgʻiz yashovchi, nogironligi
boʻlgan 928 fuqaroning holidan xabar olindi. Bundan tashqari, yetim va ota-ona
qaramogʻidan mahrum boʻlgan 185 bola hamda xizmat oʻtash davrida vafot etgan
harbiylar farzandlarining hisob raqamiga 200 dollarlik depozit ajratib
berilmoqda.
Nurota tumanining
Nurobod mahallasida yashaydigan Feruza Zikriyoyevaning 1,5 yoshli farzandi
Umarbekka qovuq churrasi tashxisi qoʻyilgan edi. Unga davolanish uchun vaucher
berilgach, Navoiy shahridagi viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida
jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Iroda Dilmurodova
oyogʻidagi nuqson sabab uzoq vaqtdan beri davolanishga ehtiyoj sezardi. Iroda
va uning onasi uchun maxsus vaucher shunchaki tibbiy yoʻllanma emas, balki
kelajakka, sogʻlom hayotga ochilgan yangi eshik boʻldi. Navoiylik bu qiz endi
Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazida sogʻligʻini tiklash
va zarur muolajalar olish imkoniga ega boʻldi.
— Tibbiy vaucher xasta, nogironligi boʻlgan men kabi turli yurtdoshlarimiz
sogʻlom hayotga qaytishi uchun katta tuhfadir, — deydi Iroda Dilmurodova. —
Shunday eʼtibor markazidan boʻlganlar safida ekanimdan juda xursandman.
Murakkab tibbiy muolajalar uchun mablagʻimiz yoʻq edi. Endi bepul davolanishim
mumkinligini eshitib, onam ikkimiz juda sevindik. Vaucher olganimda amin
boʻldimki, barcha inson, biz kabi fuqarolar ham mehr-eʼtibordan chetda emas.
Umid va maqsadlarim koʻp. Oyogʻimni davolatganimizdan keyin qoʻltiqtayoqlarni
tashlab, erkin yursam, orzularimni amalga oshiraman.
Ezgu
saʼy-harakatlar Iroda kabi minglab bemor yigit-qizlarning yuqori texnologik
jarrohlik amaliyotlari, qimmatbaho dori-darmonlar va reabilitatsiya kurslarini
mutlaqo bepul olishiga kafolat boʻldi. Insonparvarlik tadbirlari yangicha
yondashuv — “xonadonbay” tizimi asosida ham tashkil etilib, tibbiy yordamga
muhtoj bemorlarning uylariga toʻgʻridan toʻgʻri kirib bormoqda.
— Viloyatimizda
yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotiga muhtoj 200 ga yaqin bolajonni
davolashga kirishilgan, — deydi Navoiy viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi
boshligʻi Nurali Safoyev. — Bundan tashqari, 100 ga yaqin onkologik bemorni
davolash, jarrohlik amaliyoti oʻtkazish, shuningdek, buyrak va jigar transplantatsiyasi
boʻyicha ham amaliy ishlar qilinmoqda. Bugungi kungacha viloyatimizda 20 dan
ziyod bola tibbiyot muassasalariga joylashtirildi. Ikki kun davomida oʻn bolada
jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Mazkur jarayon reja asosida davom etmoqda.
Albatta, bu ezgu ishlar “Inson qadri” tamoyili asosida tibbiyot sohasidagi
islohotlarning uzviy qismidir.
Ikki yoshli Soliha
Sayfuddinova tugʻma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan. Uning ota-onasi pul
yigʻib, qizida jarrohlik amaliyoti oʻtkazishiga erishdi. Biroq yondosh
kasalliklar ham bezovta qilgani bois, u yana davolanishi kerak edi. Xayrli
tadbir Solihaning sogʻligʻi yanada yaxshilanishi uchun ajoyib imkon boʻldi.
— Farzandim
sogʻlom hayotga qaytishiga katta yordam berildi, — deydi Solihaning onasi
Shoira Abdiyeva. — Davolanish, dori-darmon hammasi tekin. Bundan juda
xursandmiz. Farzandim kelajakda yurt taraqqiyotiga xizmat qiladigan inson
boʻlishiga ishonaman.
Xatirchi tumanida
ham ezgu ishlar keng quloch yozdi. Belgilangan toifaga mos keladigan xasta
bolajonlar tekin davolanishi uchun vaucherlar topshirildi.
— Ijtimoiy
himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan va yolgʻiz yashovchi 1915 ta oilaga 12
turdagi oziq-ovqat mahsulotlari berildi, — deydi Xatirchi tumani “Inson”
ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Alisher Bahriddinov. — Davlat
taʼminotidagi 1911 ta oila hamda yolgʻiz fuqarolarga oziq-ovqat jamlanmalari
yetkazildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 22 bolaning omonat hisobvaragʻiga pul
oʻtkazildi. Ogʻir xastalikka chalingan 99 bemorga maxsus vaucherlar berildi.
Bu kabi amaliy
ishlar xalqimizning asrlar osha amal qilib kelgan qadriyatlariga yangicha
quvvat berdi. Muborak ayyomning mazmun-mohiyati insonlarga mehr koʻrsatish,
ehtiyojmandlarga yordam berish kabi ezgu fazilatlar ekanini yana bir bor
namoyon etadi.
Navoiy viloyatida bunday tadbirlar davom etmoqda. Muhimi, mehrga tashna qalblarda ertangi kunga ishonch yanada mustahkamlanyapti.
Gʻolib ABDUSALOMOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri