Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil boʻlmoqda.

Jarayonda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda. Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum bolalar va vatan sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlganlar farzandlariga bir martalik moddiy yordam berilyapti. Shuningdek, ogʻir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan bolalarga bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkazilmoqda.

Mazkur ezgu amallar jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytiradi. Kam taʼminlangan oilalarga yengillik yaratib, insonlar oʻrtasida oʻzaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlaydi.

Navoiy viloyatida ham ushbu xayrli ishlar davom etmoqda. Prezidentimiz qarori ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatdagi ogʻir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan bolalar aniqlangan. Bemor bolalarda jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish rejasi ham ishlab chiqildi.

Qarorga koʻra, bemorlarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, jarrohlik va davolash xarajatlari “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali qoplanmoqda.  Fond esa ushbu xarajatlar uchun davlat maqsadli jamgʻarmalari va boshqa manbalardan ajratilgan mablagʻlarni yoʻnaltirgan. Mehr-muruvvat karvoni oʻz harakatini viloyat boʻylab toʻxtatgani yoʻq. Aholining ehtiyojidan kelib chiqib, vaucherlar oʻz egalariga yetkazildi. Ular bundan respublikamizdagi barcha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida foydalanishi mumkin.

— Bu yilgi Qurbon hayiti bayrami arafasida nogironligi boʻlgan, davlat taʼminotidagi kambagʻal oilalarning 6369 tasiga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Farrux Bafoyev. — Bugungi kunda viloyat boʻyicha ogʻir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 139 bola roʻyxatga olindi. Bundan tashqari, onkologik kasallikka chalingani bois, roʻyxatga kirgan 563 bemor tezroq sogʻayishi uchun hududiy tibbiyot birlashmalarida 40 ta oʻrin tashkil qilindi. Shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yolgʻiz yashovchi, nogironligi boʻlgan 928 fuqaroning holidan xabar olindi. Bundan tash­qari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan 185 bola hamda xizmat oʻtash davrida vafot etgan harbiylar farzandlarining hisob raqamiga 200 dollarlik depozit ajratib berilmoqda.

Nurota tumanining Nurobod mahallasida yashaydigan Feruza Zikriyoyevaning 1,5 yoshli farzandi Umarbekka qovuq churrasi tashxisi qoʻyilgan edi. Unga davolanish uchun vaucher berilgach, Navoiy shahridagi viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Iroda Dilmurodova oyogʻidagi nuqson sabab uzoq vaqtdan beri davolanishga ehtiyoj sezardi. Iroda va uning onasi uchun maxsus vaucher shunchaki tibbiy yoʻllanma emas, balki kelajakka, sogʻlom hayotga ochilgan yangi eshik boʻldi. Navoiylik bu qiz endi Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazida sogʻligʻini tiklash va zarur muolajalar olish imkoniga ega boʻldi.

— Tibbiy vaucher xasta, nogironligi boʻlgan men kabi turli yurtdoshlarimiz sogʻlom hayotga qaytishi uchun katta tuhfadir, — deydi Iroda Dilmurodova. — Shunday eʼtibor markazidan boʻlganlar safida ekanimdan juda xursandman. Murakkab tibbiy muo­lajalar uchun mablagʻimiz yoʻq edi. Endi bepul davolanishim mumkinligini eshitib, onam ikkimiz juda sevindik. Vaucher olganimda amin boʻldimki, barcha inson, biz kabi fuqarolar ham mehr-eʼtibordan chetda emas. Umid va maqsadlarim koʻp. Oyogʻimni davolatganimizdan keyin qoʻltiqtayoqlarni tashlab, erkin yursam, orzularimni amalga oshiraman.

Ezgu saʼy-harakatlar Iroda kabi minglab bemor yigit-qizlarning yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, qimmatbaho dori-darmonlar va reabilitatsiya kurslarini mutlaqo bepul olishiga kafolat boʻldi. Insonparvarlik tadbirlari yangicha yondashuv — “xonadonbay” tizimi asosida ham tashkil ­etilib, tibbiy yordamga muhtoj bemorlarning uylariga toʻgʻridan toʻgʻri kirib bormoqda.

— Viloyatimizda yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotiga muhtoj 200 ga yaqin bolajonni davolashga kirishilgan, — deydi Navoiy viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Nurali Safoyev. — Bundan tashqari, 100 ga yaqin onkologik bemorni davolash, jarrohlik amaliyoti oʻtkazish, shuning­dek, buyrak va jigar transplantatsiyasi boʻ­yicha ham amaliy ishlar qilinmoqda. Bugungi kungacha viloya­timizda 20 dan ziyod bola tibbiyot muassasalariga joylashtirildi. Ikki kun davomida oʻn bolada jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Mazkur jarayon reja asosida davom etmoqda. Albatta, bu ezgu ishlar ­“Inson ­qadri” tamoyili asosida tibbiyot sohasidagi islohotlarning uzviy qismidir.

Ikki yoshli Soliha Sayfuddinova tugʻma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelgan. Uning ota-onasi pul yigʻib, qizida jarrohlik amaliyoti oʻtkazishiga erishdi. Biroq yondosh kasalliklar ham bezovta qilgani bois, u yana davolanishi kerak edi. Xayrli tadbir Solihaning sogʻligʻi yanada yaxshilanishi uchun ajoyib imkon boʻldi.

— Farzandim sogʻlom hayotga qaytishiga katta yordam berildi, — deydi Solihaning onasi Shoira Abdiyeva. — Davolanish, dori-darmon hammasi tekin. Bundan juda xursandmiz. Farzandim kelajakda yurt taraqqiyotiga xizmat qiladigan inson boʻlishiga ishonaman.

Xatirchi tumanida ham ezgu ishlar keng quloch yozdi. Belgilangan toifaga mos keladigan xasta bolajonlar tekin davolanishi uchun vaucherlar topshirildi.

— Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan va yolgʻiz yashovchi 1915 ta oilaga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari berildi, — deydi Xatirchi tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Alisher Bahriddinov. — Davlat taʼminotidagi 1911 ta oila hamda yolgʻiz fuqarolarga oziq-ovqat jamlanmalari yetkazildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 22 bolaning omonat hisobvaragʻiga pul oʻtkazildi. Ogʻir xastalikka chalingan 99 bemorga maxsus vaucherlar berildi.

Bu kabi amaliy ishlar xalqimizning asrlar osha amal qilib kelgan qadriyatlariga yangicha quvvat berdi. Muborak ayyomning mazmun-mohiyati insonlarga mehr koʻrsatish, ehtiyojmandlarga yordam berish kabi ezgu fazilatlar ekanini yana bir bor namoyon etadi.

Navoiy viloyatida bunday tadbirlar davom etmoqda. Muhimi, mehrga tashna qalblarda ertangi kunga ishonch yanada mustahkamlanyapti.

Gʻolib ABDUSALOMOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri