Ummon sayyohlik kompaniyalari bilan turizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi

    Oʻzbekistonning Ummondagi elchixonasida Muqaddas ramazon oyi munosabati bilan iftorlik va mamlakatimiz sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etildi.

    Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda Ummonning yetakchi sayyohlik kompaniyalari vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

    Muloqot chogʻida Ummon vakillariga Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, yangi infratuzilma va mehmonxonalarni bunyod etish, shuningdek, sayyohlikning talabgir yoʻnalishlarini ochish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

    Tadbirda onlayn tarzda ishtirok etgan mamlakatimizning «Mumtoz Tour», «Sac voyage», «Abda Travel» va «Rochet Uzbekistan» sayyohlik kompaniyalari rahbarlari ummonlik hamkorlari bilan oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish va Oʻzbekistonga ushbu mamlakatdan sayyohlar oqimini koʻpaytirish istiqbollarini muhokama qildilar, deb xabar beradi «Dunyo» AA.