Bosh konsulxonadan olingan maʼlumotga koʻra, vatandoshimiz O.B. oʻtgan yili 15-dekabr kuni umra amallarini ado etish maqsadida Saudiya Arabistoniga kelgan. 31-dekabr kuni umra ibodatlari yakunlab, Makkadan Jidda xalqaro aeroportiga yetib kelganida oʻt pufagidagi ogʻriqlar xuruji bois ushbu shahardagi “King Abdullah Medical Complex” kasalxonasiga joylashtirilgan. Shifoxonada hamyurtimizning buyrak va oʻt pufagida toʻplangan toshlar jarrohlik yoʻli bilan olib tashlangan.
Bemorning oʻgʻli B.A. Bosh konsulxonaga yllagan murojaatida, otasini Oʻzbekistonga olib ketish va shifoxona bilan yuzaga kelgan muammolarni hal etishda amaliy yordam berishni soʻrgan.
Oʻzbekiston diplomatlari “King Abdullah Medical Complex” shifoxonasi masʼullari bilan uchrashuv oʻtkazib, bemorning Oʻzbekistonga qaytishi bilan bogʻliq hujjatlarni rasmiylashtirishga amaliy yordam koʻrsatishdi.
Shuningdek, bemorda oʻtkazilgan jarrohlik amaliyoti uchun toʻlov bilan bogʻliq masalalar ham tomonlar oʻrtasida ijobiy hal etildi.