Mazkur safarlarni tashkil etish dunyoda kechayotgan murakkab epidemiologik vaziyat, qolaversa Saudiya Arabistonidagi koronavirus kasalligi bilan bogʻliq jiddiy holatdan kelib chiqib, vaqtinchalik toʻxtatilgan edi. Shundan buyon “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish masalalari boʻyicha Jamoatchilik kengashi Saudiya tomoni bilan mazkur tadbirlar bilan bogʻliq yangilik va jarayonlar borasida muntazam muloqot qilib kelmoqda.
Avval xabar berib oʻtganimizdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi oʻzining rasmiy internet nashrlari orqali taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, Umra ziyorati toʻrt bosqichda, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sogʻliqni saqlash vazirligi taklif va tavsiyalari asosida qayta tashkil etishi bayon etilgan. Bugunga qadar umra tadbirlari 2 ta bosqichda qayta yoʻlga qoʻyildi. Shu yilning 4-oktyabrdan birinchi va 18-oktyabrdan ikkinchi bosqichlar boshlandi. Hozirga kelib kunlik ziyoratchilar soni 15 mingtani tashkil etmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, ushbu ikki bosqichda Umra ibodatini ado etuvchilar soni cheklangan boʻlib, maxsus onlayn navbat dasturi orqali roʻyxatga olinmoqda va ziyoratchilarning Masjidul Haram hududiga kirishlari tashkiliy ravishda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Haj va umra vazirligining bayonotida joriy yil 1-noyabridan eʼtiboran, Umra ibodatini ado etish uchun xorijlik ziyoratchilarni qabul qilish nazarda tutilgan edi. Ruxsat etilgan davlatlar roʻyxati mamlakatlarning epidemiologik holatidan kelib chiqib, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantirilishi alohida taʼkidlangan.
Shu oʻrinda, internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalarida joriy yilning 1-noyabr kunidan eʼtiboran, xorijiy ziyoratchilarga umra qilishi uchun ruxsat berilmoqda, mazmunida tarqalgan xabarga oydinlik kiritib oʻtish lozim. 1-noyabr kunidan xorijiy fuqarolarga ruxsat berish yuzasidan bildirilgan Haj va umra vazirligi bayonotida Umra ibodatiga keluvchilar uchun bir qancha shart va talablar belgilab qoʻyilgan.
Jumladan, unda umra ziyoratchisining yoshi 18 dan 50 yoshgacha boʻlishi (Saudiya Arabistoni Podshohligi Sogʻliqni saqlash vazirligi taklifiga koʻra), koronavirusdan holi ekanini isbotlovchi manfiy natijali PSR analizni taqdim etishi, ushbu analiz 72 soat ichida olingan boʻlishi va ishonchli laboratoriyada amalga oshirilishi zarurligi, “Umra qildik” programmasi orqali (Ikki Haramga kirish uchun onlayn navbat) roʻyxatdan oʻtib, oʻz onlayn tartibiga koʻra umra ibodatini ado etish, Masjidul Haromda namoz oʻqish, Masjidun Nabaviyni ziyorat qilish va Ravzai sharifda namoz oʻqish bilan bogʻliq rejali ishlar uchun oldindan buyurtma berish, Saudiya Arabistoniga yetib kelgandan soʻng belgilangan mehmonxonada 3 kun karantinda boʻlishi va boshqa shu kabi talablar belgilangan.
Shuningdek, Saudiya mutasaddi idoralari tomonidan epidemiologik holat boʻyicha Umra ziyoratini tashkil etish uchun ruxsat etilgan davlatlar roʻyxati alohida eʼlon qilinishi qayd qilingan.
Oʻz navbatida, “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish masalalari boʻyicha jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan mazkur masalalar boʻyicha belgilangan karantin talablari asosida Umra ziyoratini tashkil etish yuzasidan muzokaralar oʻtkazmoqda.
Shuningdek, ushbu tadbirlarni tashkil etishga vakolatli tashkilot – Oʻzbekiston musulmonlari idorasi yurtdoshlarimizning toʻliq tibbiy xavfsizligini taʼminlagan holda, rasmiy, ishonchli, xavfsiz va qulay Umra xizmatlarini taqdim etish ustida hamkorlar bilan jadal ish olib bormoqda.
Eslatib oʻtamiz, Umra safari bilan bogʻliq yakuniy qarorlar yuzasidan tez kunlarda rasmiy bayonot beriladi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita va
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi