Maʼlumki, umra safari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori asosida amalga oshiriladi.
Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi NIZOMda: – toʻlovlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida maxsus hisobvaraqlar ochilgan bankning barcha hududiy filiallarida amalga oshiriladi, deb belgilab qoʻyilgan.
Shu bois, “Haj” va “Umra” safarlari toʻlovlari faqat bank orqali amalga oshiriladi. Hech bir fuqaro yoki mansabdor shaxs muborak safarlarga oid mablagʻlarni qabul qilish vakolatiga ega emas.
Afsuski, ayrim shaxslar moʻmin-musulmonlar ishonchini suisteʼmol qilib, umra amalini niyat qilgan hamyurtlarimizning pullarini aldov yoʻli bilan olib, oʻzining shaxsiy maqsadlari yoʻlida oʻzlashtirib yuborgani achchiq haqiqat va bundan barcha ogoh boʻlishi lozim.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ziyoratchilarning tayyor roʻyxati asosida umra ibodatini amalga oshiradi. Yaʼni, ziyoratchilarga viza olish, ularni kuzatish va kutib olish, Saudiya Arabistonida ibodat va ziyoratlarini tashkil etish kabi vazifalar bilan shugʻullanadi. Bungacha boʻlgan jarayonlar, yaʼni umra navbatini yuritish va fuqarolardan toʻlovlarni qabul qilish Diniy idora vakolatiga kirmaydi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biror chiqish qilishdan oldin mavzuni yaxshilab oʻrganishni, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi nomini uning vakolatiga kirmaydigan ishlar bilan bogʻlab tarmoqlarda tarqatib, tashkilot shaʼni, qadr-qimmati, ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan axborot tarqatishdan ehtiyot boʻlishni soʻraymiz.
Aholi orasida asossiz maʼlumotlarni tarqatish Islom dini taʼlimotiga koʻra, gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekanini yana bir bor eslatib oʻtamiz.
Maʼlumot oʻrnida, umra ziyoratchilari uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar har kuni Saudiya Arabistoniga amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar kuzgi mavsum doirasida 30 ming nafarga yaqin fuqaro muborak ibodatni amalga oshirishi rejalashtirilgan.