Umra xizmatini koʻrsatish boʻyicha noqonuniy reklama tarqatgan 2 ta firmaga chora koʻrildi

    Qoraqalpogʻistonda Umra xizmatlarini koʻrsatishi haqida noqonuniy reklamalar tarqatgan ikkita korxonaga nisbatan ish ochildi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar bermoqda.

    Qoʻmitaga Turizm qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasidan murojaat kelib tushgan. Murojaat asosidagi oʻrganishlarda aniqlanishicha, bugunga qadar Qoraqalpogʻistonda Umra litsenziyaiga ega turoperatorlar mavjud emas, ular Toshkent shahri va viloyat turkompaniyalari bilan hamkorlikda ziyoratlarni tashkil etishda ishtirok etmoqda.

    “Shuningdek, murojaatda bildirilgan “Iskander Tours” hamda “OKS Tours” MCHJlar litsenziyasi mavjud emasligi, shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda Umra xizmatlarini koʻrsatishga qaratilgan noqonuniy reklamalar joylashtirib borayotgani aniqlangan”, – deyiladi xabarda.

    Taʼkidlanishicha, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 16-moddasiga binoan, tegishli sertifikatlari va litsenziyalari mavjud boʻlmagan tovarlarni reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Shunga koʻra, isteʼmolchilar huquqlarini himoyalash organining maxsus komissiyasi tomonidan, 2024-yil 1-fevral kuni Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan, “Iskander Tours” hamda “OKS Tours” MCHJlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilgan. Shuningdek, ikki firmaga bu holatni bartaraf etib, kelgusida bunday holatga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan bajarilish lozim boʻlgan koʻrsatmalar berilgan.

    Taʼkidlanishicha, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi oʻz vakolati doirasida noqonuniy reklamalarning oldini olish maqsadida muntazam ravishda reklamalar nazoratini olib bormoqda.

    “Hurmatli fuqarolar! Umra ziyoratiga borishdan avval birinchi navbatda, xizmat koʻrsatuvchi korxonaning litsenziyasi bilan tanishing, soʻng reklamada berilgan maʼlumotlarga jiddiy eʼtibor berib, ishonch hosil qiling. Noqonuniy reklamalarga duch kelib, bu borada huquqlaringiz buzilgan taqdirda Raqobat qoʻmitasining 1159 ishonch telefoniga murojaat qiling”, – deyiladi rasmiy bayonotda.