Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi maʼlumotiga koʻra,

  • 2026-yil 19-mart — Haj mavsumi oldidan Umra vizasini rasmiylashtirish uchun soʻnggi kun,
  • 2-aprel — Umra niyatida mamlakatga kirishning yakuniy sanasi,
  • 18-aprel esa Saudiya Arabistonidan chiqib ketish uchun belgilangan oxirgi kun hisoblanadi.

Har yili Haj oldidan Umraning vaqtincha toʻxtatilishi tashkiliy va xavfsizlik nuqtayi nazaridan zarur chora sifatida izohlanadi. Chunki Haj davrida ikki milliondan ortiq ziyoratchi kelishi kutilmoqda va barcha xizmatlar — xavfsizlik, tibbiy yordam, joylashtirish va transport tizimi — aynan Haj ishtirokchilari uchun safarbar etiladi. Bir vaqtning oʻzida Umra va Haj ziyoratchilari koʻp miqdorda jamlanishi katta tirbandlik va xavf-xatarlarga olib kelishi mumkin.

Umra vizalari toʻxtatilganidan soʻng yangi vizalar berilmaydi, belgilangan muddatdan keyin amal qilayotgan vizalar Umra ado etish huquqini bermaydi. Shuningdek, turistik, ishchi yoki oilaviy vizalarga ega shaxslar ham Haj mavsumida Umra amallarini bajara olmaydi. Haram hududiga faqat Haj ziyoratchilari kiritiladi va nazorat barcha kirish nuqtalarida qatʼiy tarzda amalga oshiriladi.

Rasmiylar 2026-yil Hajidan oldin Umra ado etishni rejalashtirayotgan ziyoratchilarga safarni kamida 7–10 kun oldin yakunlash, vizalar va joylashtirish masalalarini barvaqt hal qilish hamda faqat rasmiy axborot manbalariga tayanishni tavsiya etmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur chora-tadbirlar muqaddas maskanlarda Haj mavsumini xavfsiz, tartibli va munosib darajada oʻtkazishga qaratilgan.