Hozir YUNESKO, Madaniyat vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkaziladigan ushbu xalqaro sanʼat anjumaniga har jihatdan puxta hozirlik koʻrilmoqda.

Ayni kunlarda asosiy tadbirlar boʻlib oʻtadigan Boysun tumanidagi bahavo padang qishlogʻi kengliklarida vohadagi oʻttizga yaqin yirik korxona, tashkilot tomonidan tumanlar va termiz shahri hududlarining milliy qadriyat hamda urf-odatlari namoyon etiladigan qoʻrgʻonlar barpo etilib, qadimiy oʻtov uylar qurilmoqda.

“Boysun bahori” ellarni, dillarni oʻzaro bogʻlaydi.

Festival ajdodlardan meros milliy qadriyatlarni tiklash, xususan, xalq ogʻzaki ijodi anʼanalarini asrab-avaylash va uni xalqaro miqyosda keng targʻib etishga xizmat qiladi. Milliy qadriyatlar beshigi boʻlgan Boysun madaniy muhiti 2001-yilda YunESKO tomonidan “insoniyatning ogʻzaki va nomoddiy madaniy merosi” sifatida eʼtirof etildi. 2008-yili esa YUNESKOning

Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritildi. Bu, oʻz navbatida, Boysun xalq madaniyati va uning badiiy anʼanalarini saqlash va yozib olish hamda keng koʻlamda ilmiy

tadqiq etish jarayoniga sabab boʻldi.

YUNESKO hamkorligida 2002-2006-yillarda “Boysun bahori” ochiq folklor festivali va uning doirasida xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazilishi barobarida xalq ogʻzaki ijodi va amaliy sanʼati namoyishiga ham keng oʻrin berilgan. Ammo bir muddat festival eʼtibordan chetda qoldi. Davlatimiz rahbarining 2016-yilda Surxondaryoda boʻlib oʻtgan saylovol-

di uchrashuvida mahalliy faollar tomonidan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tiklash va uni oʻtkazish taklifi bildirildi. Shunga muvofiq, 2017-yildan buyon bu xalqaro sanʼat anjumani anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda.

Ayni kunlarda asosiy tadbirlar boʻlib oʻtadigan Boysun tumanidagi bahavo Padang qishlogʻi kengliklarida vohadagi oʻttizga yaqin yirik korxona, tashkilot tomonidan tumanlar va Termiz shahri hududlarining milliy qadriyat hamda urf-odatlari namoyon etiladigan qoʻrgʻonlar barpo etilib, qadimiy oʻtov uylar qurilmoqda.

Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi muqaddas ziyoratgohlar, tibbiyot, agro, etno va boshqa turistik obyektlarga qiziqarli sayohatlar uyushtirishni rejalashtirgan. Festivalga uzoq-yaqindan keladigan shinavandalar havo sharlari va aeroplanlarda Boysunning maftunkor tabiatga ega goʻzal togʻ manzaralarini miriqib tomosha qiladilar. Tadbirda jahonning 30 dan ortiq davlatidan nomoddiy madaniy meros muxlislari va mutaxassislari qatnashishi kutilmoqda.

— Xalqaro folklor festivali doi rasida xalq sayllari, konsertlar, milliy taom, hunarmandlik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari koʻrgazmalari tashkil etish, vohaning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirish, etnosport, velomarafon, milliy kurash musobaqasi, uloq-koʻpkari, varrak uchirish, arqon tortish, chillak kabi turli bellashuv, Xoʻjamayxona buloq suvi boʻylab soʻlim darada velomarafon oʻtkazish rejalashtirilgan, —deydi viloyat hokimi oʻrinbosari, Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshligʻi Joʻrabek Toʻrayev. — Xalqaro festival doirasida nafaqat nafis folklor sanʼatimiz, balki boy madaniyatimiz, etnografiya va qadimiy sport oʻyinlarimiz ham keng namoyish etiladi.

Xotin-qizlar uchun ayollar baxshichiligi, chanqovuz chalish, jamalak oʻrish, qirqkokil, milliy ipaklar, qadimiy milliy kiyim-kechaklar koʻrgazmasi singari nafis madaniy tadbirlar oʻtkaziladi. Milliy hunarmandlik buyumlari namoyishi va savdosi tashkil etiladi. “Elimiz taomlari” koʻrgazmasidan surxoncha tandir kabob, yupqa, gʻilmindi, shifobaxsh togʻ giyohlaridan tayyorlanadigan turli taomlar joy oladi.

Kuni kecha Termiz shahridagi Matbuot uyida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlikka bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Dunyo ahlini oʻziga chorlayotgan soʻlim va

osoyishta goʻsha tarixi, nafis va boy nomoddiy madaniy merosi, milliy hunarmandligi, etnografiyasi va arxeologiyasining jahon taraqqiyotida tutgan oʻrni,hududda turizmni rivojlantirish bilan

bogʻliq masalalar soha mutaxassislari ishtirokida koʻrib chiqildi. Xalq ruhiyatini oʻzida aks ettirgan

folklor sanʼati durdonalarida hayot zavqi, tiriklik shukronasi, tinchlik va doʻstlik, birodarlik va hamjihatlik tarannum etiladi. Surxon vohasi boʻylab “Boysun bahori” davom etarkan, uygʻonish

faslining zavqi va shavqi ellardan ellarga, dillardan dillarga koʻchishi, shubhasiz!

Azimbek Samadov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri