UNFF bilan “Yashil Makon” milliy loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishildi

    Yashil sayyora 11 Noyabr 2023 876

    O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov BMT Bosh kotibi yordamchisi, tashkilotning o‘rmonlar va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Forumi (UNFF) kotibiyati direktori Juliette Biao bilan uchrashdi.

    Ma'lumot uchun, BMTning o‘rmonlar va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Forumi 2000-yilda tashkilotning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi tomonidan tashkil etilgan. Maqsad barcha turdagi o‘rmonlarni boshqarish, saqlash va barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish hamda uzoq muddatli siyosiy majburiyatlarni mustahkamlashdir.

    Uchrashuvda UNFF bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, UNFF Kotibiyati rahbariga O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan daraxt ekish, Orol dengizining qurigan tubida deyarli 2 million gektar maydonda saksovulzorlar bunyod etish ishlari haqida ma’lumot berildi.

    Uchrashuv doirasida UNFF kotibiyati bilan O‘zbekistonda o‘rmonzorlashtirish ishlariga ilmiy yondashuvni rivojlantirishda, “aqlli” qishloq xo‘jaligini tatbiq etish hamda o‘rmonlarni barqaror boshqarishda BMTning o‘rmonlar va ko‘kalamzorlashtirish bo'yicha forumi ko‘magini jalb qilishga kelishib olindi.

    Shuningdek, tomonlar “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirida hamkorlik qilish, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida yuqori malakali ekspertlar ma’ruzalarini tashkil etish, shu bilan birga O‘rmon xo‘jaligi sohasidagi mutaxassislarning salohiyatini oshirish maqsadida trening va seminarlar o‘tkazish borasida kelishuvga erishdilar.

    Qolaversa, o‘zaro manfaatli aloqalarni har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

    Ta’kidlash joizki, BMT Bosh kotibi yordamchisi Juliette Byao xonim O‘zbekistonda ekologiya va o‘rmon xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlarda UNFFning faol ishtirok etishidan manfaatdor ekanligini bildirdi. BMTning o‘rmonlar va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Forumi (UNFF) kotibiyati direktori tashkilot nafaqat o‘rmon xo‘jaligi va bog‘dorchilik sohasini rivojlantirishga yordam berishga, balki Ekologiya vazirligi mutaxassislarini malaka oshirish uchun qabul qilishga ham tayyor ekanligini ta'kidladi.