UNICEF: Dunyo bo'ylab besh yoshgacha bo'lgan 4,8 million bola vafot etgan

    So'nggi o'ttiz yillikda dunyo besh yoshgacha bo'lgan bolalarning omon qolish darajasi bo'yicha sezilarli yutuqlarga erishdi. Biroq, ayrim mamlakatlarda vaziyat og'irligicha qolmoqda.

    UNICEF ma'lumotlariga ko'ra, 2023-yilda dunyo bo'ylab besh yoshgacha bo'lgan 4,8 million bola vafot etgan. Eng og'ir vaziyat Afrikada, ya'ni u yerda 2,76 million bola besh yoshga to'lmasdan hayotdan ko'z yumgan.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar o'limini baholash bo'yicha idoralararo guruhi ma'lumotlariga ko'ra, Nigerda bolalar o'limi eng yuqori ko'rsatkichga ega, bolalarning 11,5 foizi besh yoshga to'lmasdan vafot etgan. Nigeriya, Chad va Somalida ham vaziyat og'ir. Bu mamlakatlarda har o'ninchi bola besh yoshga to'lmasdan vafot etmoqda.

    Shimoliy Afrikada vaziyat unchalik yomon emas. Tunisda bolalar o'limi darajasi 1,3 foiz, Marokashda 1,7 foiz, Misrda 1,8 foizni tashkil etdi.

    Bu ko'rsatkichlarni Kolumbiya (1,2 foiz) va Meksika (1,2 foiz) bilan solishtirish mumkin. Yevropada Moldova chaqaloqlar o'limi bo'yicha eng yuqori ko'rsatkichga ega – taxminan 1,5 foiz, deb xabar berdi naked-science.ru.