UNIDO va Oʻzbekiston oʻrtasida ipakchilik sanoatini modernizatsiya qilish boʻyicha loyiha imzolandi

    Xalqaro hamkorlik 16 Iyul 2022 1935

    BMTning Sanoatni rivojlantirish boʻyicha tashkiloti (UNIDO) bosh direktori Gerd Myuller va Oʻzbekistonning UNIDOdagi doimiy vakili, elchi Abat Fayzullayev Venada “Oʻzbekiston ipakchilik sanoatini modernizatsiya qilish” nomli yangi loyihani imzoladi.

    Loyihaning maqsadi Oʻzbekiston hukumatining ipakchilik sanoatini modernizatsiya qilish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Unda COVID-19dan keyingi tiklanish davrida mahalliy hamjamiyatlarning barqaror rivojlanishi, kichik va oʻrta korxonalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Uch yillik muddatga moʻljallangan loyihaning byudjeti 2,48 million dollarni tashkil etadi.

    Mazkur loyihani ishlab chiqish davomida “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi mutaxassislari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazildi, xalqaro ekspertlar va donor davlat vakillari ishtirokida UNIDOning Oʻzbekistonga missiyasi tashkil etildi.

    UNIDO tomonidan tayyorlangan loyiha konsepsiyasida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning ipakchilik tarmogʻida tarkibiy islohotlar amalga oshirilgani, xorijiy investitsiyalar jalb etilgani, ishlab chiqarish texnologiyalari takomillashtirilgani va ishlab chiqarishning oʻzi kengaytirilgani qayd etilgan. Ipakchilik tarmogʻini rivojlantirish, mahsulotlar turini koʻpaytirish va korxonalarning eksport faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan kompleks rivojlantirish davlat dasturlari va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari ham amalga oshirilgan.

    Loyihani amalga oshirish natijasida ipakchilik sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar negizida klaster va tarmoqlarni shakllantirish kutilyapti. Bu, albatta, mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqishni osonlashtiradi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Loyihani amalga oshirish natijalaridan biri Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasida ayollar va erkaklar uchun ish oʻrinlari sonining koʻpayishidir.