Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti jamoasi Toshkent shahridagi 22-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashdi. YAngi o'quv yili boshlangani munosabati bilan bolalarga o'quv qurollari va sovg'alar ulashildi.
Universitet jamoasi muassasada tarbiyalanayotgan o'g'il-qizlar bilan dildan suhbatlashdi. Suhbat bolalarning kelgusidagi orzu-intilishlari va maqsadlari haqida bo'lib o'tdi. Tarbiyalanuvchilarning aksariyati kelajakda o'qituvchi, harbiy, sportchi bo'lmoqchiligini aytdi. Universitet tomonidan tarbiyalanuvchilar uchun kasb-hunarga yo'naltiruvchi hamda xorijiy tillar va sport to'garaklari tashkil etishga kelishib olindi.
— Uyimizga Toshkent davlat pedagogika universiteti jamoasi kelganidan juda ham xursand bo'ldik, — dedi tarbiyalanuvchi Sabinabonu Mustafoeva. — Men kelajakda o'qituvchi bo'lmoqchiman va TDPUda o'qishni niyat qilgandim. Niyatimga yarasha shu universitet rektorining o'zi bizni ko'rishga keldi. endi universitet tomonidan biz uchun sport, axborot texnologiyalari, musiqa bo'yicha turli to'garaklar tashkil etiladi. Albatta, biz ham bu to'garaklarda faol ishtirok etamiz.