D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filialiga Respublikamizda akkumulyatorsiz 100 kVt quvvatdagi tarmoq quyosh elektr stansiyasi oʻrnatildi. Universitetning yotoqxonasi va binolarning issiq suv taʼminoti uchun esa quyosh suv isitgichlari oʻrnatildi. Universitet hovlisini esa avtonom quyosh yoritgichlari yordamida toʻliq yoritilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda universitetda nafaqat energotejamkor texnologiyalardan foydalanilgan balki tejamkorlik bilan foydalaniladigan energiya ham qayta tiklanuvchi quyosh energiyasi yordamida ishlab chiqarilmoqda.
Ushbu quyosh elektr stansiyasining afzalligi shundaki, kunning kunduzgi vaqtida quyosh panellari yordamida ishlab chiqilgan elektr energiyasini universitet foydalanayotgan ichki elektr tarmogʻiga parallel ravishda qoʻshiladi. Buning natijasida quyosh elektr stansiyasi ishlab chiqqan elektr energiyasi miqdoricha quvvat hududiy elektr tarmoqlaridan olinishi kamayadi.

Ahamiyatlisi, dam olish kunlari hamda talabalarning yozgi taʼtil vaqtida universitetda quyosh stansiyasi yordamida ishlab chiqilgan energiyaga ehtiyoj boʻlmasa elektr energiyasini hududiy elektr tarmoqlariga belgilangan taʼrifda sotiladi.
Quyosh stansiyasining oʻrnatilgan maydoni 1 200 kvadrat metr boʻlib, har birining quvvati 350 Vt boʻlgan 288 dona Respublikamizda ishlab chiqilgan quyosh panellaridan iborat.
Stansiyaning bir yilda oʻrtacha ishlab chiqadigan elektr energiyasi miqdori 220 000 kVt soat, 25 yildan koʻp ishlash vaqtida esa stansiya 5 mln. kVt soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Quyosh stansiyasiga sarflangan mablagʻning 25 yillik ishlab chiqarilgan elektr energiyasiga nisbatini oladigan boʻlsak, mazkur elektr stansiyasi ishlab chiqargan 1 kVt soat elektr energiyasining narxi 157 soʻmni tashkil qiladi.

Ushbu stansiyaga SUN-HIGHTECH korxonasi 7 yil kafolat beradi, bu muddatda esa quyosh stansiyasi oʻziga sarflangan mablagʻni toʻliq qaytaradi. SUN-HIGHTECH korxonasi Yunusobod kichik sanoat zonasida 2021-yilda 100 MVt quvvatdagi quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy ishlab chiqarish liniyasini oʻrnatish orqali, keyingi yillarda oʻrnatiladigan quyosh stansiyalarining oʻzini oqlash muddatini besh yilgacha kamaytirishni maqsad qilgan.
Ushbu quyosh elektr stansiyasining yana bir afzalligi shundan iboratki, stansiyada respublikamizda ilk bor kunlik, oylik va yillik ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdorini onlayn, mobil ilova yoki sayt orqali kuzatib borish imkonini beruvchi tizim oʻrnatilgan.
Universitetga har birining hajmi 200 litrdan iborat, umumiy hajmi 7 000 litr boʻlgan respublikamizda ishlab chiqarilgan quyosh suv isitgichlari oʻrnatilgan.
Ushbu quyosh suv isitgichlari yil davomida 2 000 000 litrdan ortiq issiq suv ishlab chiqarsa, butun ishlash vaqti davomida qariyb 100 000 metr kubdan ortiq tabiiy gazni iqtisod qiladi. Ushbu quyosh suv isitgichlari tabiiy besh yilga qolmasdan oʻziga sarflangan mablagʻni toʻliq qaytaradi.
Elektr energiyasiga boʻlgan talab yil sayin ortib borishi sababli, elektr energiyasiga boʻlgan talabni qondirish maqsadida mamlakatimizda mavjud elektr stansiyalarining elektr bloklari modernizatsiya qilinmoqda, bundan tashqari yangidan yangi elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda.

Shunga qaramay Respublikamizda baʼzi vaqtlarda elektr energiyasi yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Mamlakatimizdagi mavjud binolarning millionlab kvadrat boʻsh turgan tomidan oqilona foydalanilsa Respublika energetika tizimiga yuzlab megavat yangi elektr stansiyalarini qoʻshish mumkin.
Yuqoridagi kabi quyosh stansiyalarining ortib borishi esa hududiy elektr tarmoqlarida va transformator punktlarida elektr yuklamasining kamayishiga, iqtisod qilingan elektr energiyasi esa boshqa isteʼmolchilarni ishonchli elektr energiyasi bilan taʼminlanishiga, transformator punktlarida yuklamalarning kamayishi natijasida ularga koʻrsatiladigan ekspluatatsion xarajatlarning kamayishiga, elektr tarmoqlarida yuzaga keladigan yoʻqotishlarning kamayishiga va eng asosiysi quyosh elektr stansiyalari oʻrnatiladigan induvidual obyektlarda elektr energiyasiga boʻlgan xarajatlarning bir necha barobar kamayishiga, issiqlik elektr stansiyalarida yoqiladigan koʻmir va tabiiy gazni tejashga olib keladi.
Katta quvvatdagi elektr energiyasi isteʼmol qiladigan klasterlar, sanoat korxonalari, tekstil fabrikalari, sanoat miqyosidagi muzlatgichlar va boshqa tadbirkorlik subyetklarida bunday quyosh stansiyalarining oʻrnatilishi mahsulot tan narxining tushishiga olib keladi. Bundan tashqari Respublikamizda kichik va oʻrta quvvatdagi quyosh elektr stansiyalarining ommaviy oʻrnatilishi oʻn minglab yangi ish oʻrinlarini yaratadi.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati