Unda Sverdlovsk, Chelyabinsk viloyatlari va Xanti-Mansiysk avtonom okrugi - Yugradagi oʻzbek milliy markazlari rahbarlari va faollari, vatandosh tadbirkorlar, Yekaterinburg shahridagi Tibbiyot, Togʻ-kon, Pedagogika va Ural Federal univesitetlarining faol talabalari, shuningdek, mamlakatimizning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi va Tashqi mehnat migratsiya agentligining Yekaterinburgdagi vakolatxonasi xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbir chogʻida respublika rahbariyati va hukumati tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz, mehnat muhojirlari va talabalarga nisbatan olib borilayotgan siyosat hamda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqidagi muhim maʼlumotlar tadbir qatnashchilarining eʼtiboriga havola qilindi.

Shuningdek, 2021-yilning dekabrida oʻtkazilgan IV majlisdan to bugungi kunga qadar Bosh konsulxonaning vatandoshlar bilan hamkorlikda amalga oshirgan tadbirlariga ham nazar tashlandi. Shu oʻrinda erishilgan natijalar va mavjud kamchiliklarga ham eʼtibor qaratildi. Bosh konsulxona konsullik okrugi hududida faoliyat yuritayotgan oʻzbek milliy markazlari hamda faollari bilan kelgusida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan rejalar, xususan, migratsiya sohasidagi ishlar ham atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar ravnaqiga hissa qoʻshish, fuqarolarimizga oid koʻtarilgan mavzularni hal etish, Uralda oʻzbekistonliklarning ijobiy imijini keng yoyish maqsadida tor doirada tizimli ravishda uchrashib turish uchun Bosh konsulxona qoshida “Maslahat kengashi”ni taʼsis etishga kelishib olindi.

Tadbir intihosida Bosh konsulxona taʼsis etilgandan buyon Uralda turli tadbirlarini oʻtkazishda homiylik qilgan hamda ogʻir moliyaviy ahvolga tushib qolgan fuqarolarimizga doimo yordam qoʻlini choʻzib kelayotgan 14 nafar tadbirkor vatandoshlarimizga konsullik muassasasining tashakkurnomalari taqdim etildi.