UrDPI va Hindiston OTMlari oʻrtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlandi

    Shu yilning 15-20-iyul kunlari Xorazm viloyati hokimligi delegatsiyasi hamda viloyatning barcha davlat OTM rektorlari Hindiston davlatida xizmat safarida boʻldi.

    Safar davomida Hindistondagi taʼlim sifati, ilmiy va oʻquv jarayonlari, ilgʻor pedagogik tajribalarning tatbiqiga eʼtibor qaratildi.

    Xususan, UrDPI rektori F.Madrahimova Dehli shahridagi Javaxarlal Neru universiteti rahbariyati professor Sharad K Soni bilan muzokaralar oʻtkazdi va ikkala OTM oʻrtasida oʻquv va ilmiy sohalarda hamkorlik yuzasidan memorandum imzolandi.

    Delegatsiya aʼzolari Bangalor shahridagi Achariya universitetiga ham tashrif buyurib, universitetning faoliyatiga oid taqdimot bilan tanishdi.

    Tanishuvdan soʻng universitet rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazilib, UrDPI va Achariya universiteti oʻrtasida ham hamkorlik memorandumi imzolandi.