Bu yildan 2 ming gektar gʻalla yerlari, 3,5 ming gektar tamaki yerlari meva-sabzavot ekishga oʻtkazilmoqda. Yangi qoʻshilayotgan 5,5 ming gektarda yuqori daromad beradigan eksportbop mahsulotlar yetishtirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, gʻalla va tamakidan boʻshagan yerlarning 3 ming gektarida oq kishmish ekilib, mayiz qilinsa, tumanda qoʻshimcha 80 million dollarlik eksport boʻladi.
Shuningdek, Urgut tumanidagi 500 gektar togʻ-oldi va yaylovda sanoatlashgan uzumzor tashkil etib, 10 gektardan aholiga boʻlib berish tashabbusi bildirilgan. Ishtixon tumanida ham kelasi yil 2 ming gektar qir-adirda bunday uzumzorlar tashkil qilinadi.
Ushbu yerlarga suv olib chiqish maqsadida 50 ta artizan qudugʻi qazish, 15-20 kilovattli quyosh paneli oʻrnatish xarajatlari uchun 30 milliard soʻm arzon resurs beriladi.