Markazning koʻrkam va shinam xonalar zamonaviy kompyuter jihozlari bilan taʼminlangan. Oʻquv markazida mahalliy yoshlarga axborot texnologiyalari, dasturlash, robototexnika asoslarini, zamonaviy raqamli texnologiyalarni oʻrgatish hamda bu sohada mutaxassislarni tayyorlash maqsad qilib belgilangan.
Raqamli texnologiyalar oʻquv markazida 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar kompyuter savodxonligi boʻyicha bepul oʻqitiladi va kurslarni muvaffaqiyatli tugatganlarga sertifikatlar beriladi.
Qolaversa, markazda yoshlarni kompyuter sportiga (kibersportga) jalb qilish, kibersport qoidalarini oʻrgatish, turli oʻyinlar boʻyicha guruhlarni shakllantirish, jamoaviy oʻyinlar amaliyotini tashkil etish, respublika miqyosida musobaqalar oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.
Shuningdek, mazkur markazda tumandagi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va xodimlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha malakalarini oshirish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.