Misol uchun, Urgutdagi Tinchlik mahallasi hududidan logistika markazi qurish uchun 5 gektar joy ajratilib, 5 milliard soʻmlik infratuzilma qilib berilsa, 100 ga yaqin doʻkon, oshxona va servis obyektlari quraman, degan urgutliklar koʻp.

Tuman markazidagi 1,5 kilometrli “Navoiyshoh” koʻchasini tunu-kun ishlaydigan maskanga aylantirish orqali 60 ta savdo-servis obyekti tashkil qilib, 500 nafar odamni ishli qilish mumkin.

Shuningdek, tumanning 8 ta mahallasi infratuzilmasini yaxshilashga Islom taraqqiyot bankidan 10 million dollar jalb qilinmoqda. Bundan tashqari, Tojikiston bilan chegaradosh 15 ta mahallada mehmon uyi va dam olish maskani qurishga 10 milliard soʻm resurs yoʻnaltirilmoqda.

Umuman, 2026-yilda viloyatdagi mahallalarda savdo va servis hisobidan 40 ming ish oʻrni yaratish muhimligi qayd etildi.