Urugʻlik gʻalla aprobatsiyasiga bagʻishlangan oʻquv-seminar tashkil etildi

    Agrosektor 12 May 2023 1129

    Andijon viloyati Andijon tumani Don va dukkakli ekinlar ITIda Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzdonmahsulot” AK tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda urugʻlik gʻalla maydonlarida aprobatsiya koʻrigini oʻtkazish boʻyicha koʻrgazmali oʻquv-seminar tashkil etildi.

    Seminarda hududlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari boshliqlari, soha tashkilotlarining hududiy boʻlinmalari rahbar va mutaxassislari, shuningdek gʻallachilik ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari qatnashdi/

    Qatnashchilar Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tajriba dalasida boshoqli don ekinlari, dukkakli don ekinlari va noanʼanaviy ekinlar yangi navlari bilan tanishdilar.

    Shuningdek, seminarda “Respublikada avlodli urugʻliklar jamgʻarish boʻyicha 2022-yil yakunlari va kelgusi yil hosili uchun boshoqli don ekinlari urugʻchiligi istiqbollari”; “Respublikada ekilayotgan boshoqli don ekinlari navlari va ularni hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib joylashtirish” hamda “Boshoqli don ekinlarining seleksiyasi va urugʻchiligining kelgusi yillardagi asosiy yoʻnalishlari hamda bugungi kundagi ITIlarining oldida turgan dolzarb vazifalar” mavzularida maʼruzalar tinglandi.

    Jami 200 nafarga yaqin oʻquv-seminar qatnashchilari urugʻlik gʻalla maydonlarida aprobatsiya koʻrigini oʻtkazish borasida fikr almashdilar, bu boradagi ilgʻor tajribalarni oʻrgandilar, oʻz fikr-mulohazalarini oʻrtaga tashlab, oʻzaro muhokama qildilar.