Oʻzbekiston va USAID oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chogʻida USAID rahbari 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligini taʼkidladi. Bu borada USAID oʻz saʼy-harakatlarini AQSH xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi bilan yaqindan muvofiqlashtirishi maʼlum qilindi.
USAID rahbari Oʻzbekiston hukumatining davlat boshqaruvi ochiqligi va soʻz erkinligini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida olib borayotgan amaliy qadamlarini olqishladi. Mazkur yoʻnalishdagi islohotlar siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning muhim masalalari boʻyicha qaror qabul qilish jarayonlarida jamiyat manfaatlarini keng hisobga olishga yordam berishi taʼkidlandi.
Oʻz navbatida, USAID rahbari oʻrinbosari Izabel Kolman Agentlik moliyaviy-texnik koʻmak loyihalarini, birinchi navbatda, Oʻzbekiston taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda amalga oshirishda davom etishini qayd etdi.
USAID rahbariyati energetika sohasini modernizatsiya qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, suv xoʻjaligini rivojlantirish, taʼlim tizimini takomillashtirish, yoshlarni kasbga tayyorlash va malakasini oshirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.
Oʻzbekiston fuqarolarini ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash maqsadida USAID imkoniyatlarini kasb-hunar va texnik taʼlim tizimiga jalb etish muhimligi alohida qayd etildi.