USAID O‘zbekistonda xususiy hunarmand ayollar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali qishloq ayollarining imkoniyatini kengaytiradi

    Biznes 14 Yanvar 2022 1207

    AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) o‘zining Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi doirasida «Xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi»ni tuzib, hunarmandchilik korxonalari va yakka tartibdagi hunarmand ayollar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamkorlikda sarmoya kiritishni nazarda tutuvchi biznes g‘oyalar tanlovini e’lon qiladi.

    Jamg‘arma doirasida ajratiladigan mablag‘lar korxonalar va hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga qo‘shimcha qiymat qo‘shish, yangi bozorlarga chiqish, yangi ish o‘rinlari yaratish, savdo hajmi va daromadni oshirish kabi maqsadlarga sarflanadi.

    Iqtisodiy qiyinchiliklar aholining ijtimoiy zaif qatlamlari, ayniqsa, qishloq ayollariga kuchliroq ta’sir qiladi. O‘zbekistonda qishloq ayollarining aksariyati odatda dehqon xo‘jaliklarida mavsumiy mehnat bilan mashg‘ul bo‘lishadi yoki malaka talab qilinmaydigan qo‘l mehnati bilan bog‘liq ishlarni bajaradi. Bilim va moliyaviy resurslar yetishmasligi qishloq ayollarining fermerlik yoki tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish borasidagi salohiyatini cheklash bilan birga ularning o‘z oilasi va hamjamiyatining iqtisodiy farovonligiga hissa qo‘shish borasidagi imkoniyatlariga ham rahna soladi. USAID 2021-yilda o‘zining Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi orqali mazkur muammoni hal qilish hamda o‘zbekistonlik ayollarni ish topish va o‘zining yangi korxonalarini ishga tushirishda qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 million dollar miqdorida mablag‘ ajratdi.

    Mazkur mablag‘larni samarali taqsimlash maqsadida tuzilgan «Xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi» yangi texnologiyalarni joriy etishni moliyalashtirishda ishtirok etib, yakka tartibdagi hunarmand ayollarga 5 milliondan 50 million so‘mgacha, ro‘yxatdan o‘tgan hunarmandchilik korxonalariga esa 50 milliondan 200 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda mablag‘ ajratadi. USAID xotin-qizlar va yoshlarni boshqaruv, texnik yoki boshqa turdagi rahbarlik lavozimlariga ishga qabul qilishni istagan korxonalar faoliyatini moliyalashtirishga ayniqsa katta qiziqish bildiradi. Bu kabi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash O‘zbekistonda ayollar jamiyatning iqtisodiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga yordam beradi.

    Tanlovga arizalar 2022-yilning 15-fevraliga qadar qabul qilinadi. Tanlov shartlari va ariza ilovasini bu yerdan yuklab olish mumkin.

    Ushbu tashabbus USAIDning O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan besh yillik Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha tanlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun butun qiymat zanjiri bo‘ylab qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini beruvchi yangi texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv amaliyotlarini joriy etish orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida xususiy sektor rivjolanishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Mazkur tadbirlar O‘zbekistonda qo‘shimcha qiymat qo‘shilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish, sohaga xotin-qizlar va yoshlarni jalb etish, ta’lim muassasalari va xususiy sektor o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash va qishloq xo‘jaligida maqbul siyosat yuritishni qo‘llab-quvatlashga qaratiladi.

    USAID O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiyalash va mintaqaviy savdoni oshirish, salomatlik uchun jiddiy xavf-xatarlar, jumladan COVID-19ni bartaraf etish, hukumatning aholi ehtiyojlariga oqilona yondashish salohiyatini oshirish yo‘lida hamkorlik qiladi.