Bugun Oʻzbekistonning barcha hududlari Kavkaz hududlaridan kirib kelgan salqin va nam havo massasi taʼsiri ostida boʻldi. Hududlarning katta qismida qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin, baʼzi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi.
Qoraqalpogʻistonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat foni kunning meʼyoriy qiymatlaridan 3-4° ga kam boʻladi va 20-25° dan yuqori boʻlmaydi.
Ertaga faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kechasi va ertalab, Fargʻona vodiysi viloyatlarida esa kun davomida yomgʻir yogʻish ehtimoli saqlanib turadi. Harorat kechasi 12-17°, kunduzi 20-25° atrofida boʻladi.
Payshanba kuni respublikaning shimoliy hududlariga yana nam va salqin havo massasi kirib kelishi kutilmoqda, bunda Qoraqalpogʻistonda, Xorazm viloyatida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. 13-mayda juma kuni nam va salqin havo massasi mamlakatimizning barcha hududlarini kamrab oladi, baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin, baʼzi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi. Shimolda yogʻingarchilik toʻxtaydi. Ushbu kunlarda harorat kechalari 12-17° ni, kunduz kunlari 12-mayda 23-28° ni tashkil etadi, 13-mayda yomgʻir paytida 21-26° gacha pasayadi.
Hafta davomida respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida sel-toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin.