Havo harorati kunduz kuni 10-15 daraja iliqni, eng janubda 17-20 daraja iliqqacha, respublikaning shimolida 5-10 daraja iliqni tashkil etadi.
Ertaga Toshkent, Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlarida asosan kunning birinchi yarmida yogʻingarchilik boʻladi. Harorat foni oʻzgarmaydi.
Haftaning oʻrtasida Qozogʻiston hududlaridan yana nam havo massalari oʻtadi va u Oʻzbekistonning shimoliy qismiga kiradi.
Chorshanba kuni Qoraqalpogʻistonda va Xorazm viloyatida, payshanba kuni Toshkent, Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlarida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yogʻingarchilik kutilmaydi.
Termometr ustuni kunduz kunlari 15-17 daraja iliqqacha, janubda 20 daraja iliqqacha koʻtariladi.
Juma kuni Oʻzbekistonning barcha hududlarida asosan kam bulutli ob-havo boʻladi, havo harorati fevral oyiga qaraganda mart oyining oxiri va aprel oyining boshiga koʻproq xosdir. Kunduz kuni havo 17-20 daraja iliqqacha, janubda va choʻl hududlarida 22 daraja iliqqacha isiydi.
Hafta davomida respublikaning togʻli hududlarida qor koʻchishi xavfi saqlanib turadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya markazi.