Ushbu ish haftasida ob-havoda qanday oʻzgarish kutiladi?

    Mamlakatimizda 17 Yanvar 2022 886

    Bugun va ertaga Oʻzbekiston hududi boʻyicha beqaror ob-havo saqlanib turadi, bunday holat Eron hududlaridan issiq va juda nam havo massalari kirib kelishi bilan bogʻliqdir.

    Respublika boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻlishi mumkin, shimolda yogʻingarchilik (yomgʻir qorga aylanadi) boʻladi. Havo harorati kechasi 3-8° iliq, kunduzi 5-10° iliq, baʼzi joylarda havo ochiq boʻlganda 12° iliqqacha, shimolda kechasi 3-8° sovuq, kunduzi 3° sovuq -2° iliq atrofida boʻladi.

    Respublika boʻyicha 19-yanvar kuni ertalabga yomgʻir jadalligi pasaya boshlaydi, lekin kunduz kuni sovuq front oʻtishida ayrim hududlarda yomgʻir qorga aylanishi mumkin. Qoraqalpogʻistonda, Xorazm viloyatida kechasi va ertalab baʼzi joylarda biroz qor yogʻishi kuzatiladi. Respublika boʻyicha havo harorati kechasi 3° sovuq-2° iliqqacha, kunduzi 5-8° iliqqacha pasayadi.

    Payshanba kuni Oʻzbekistonda havo harorati kechasi 3° sovuq-2° iliq, kunduzi 7-10° iliq boʻlgan quruq va biroz bulutli ob-havo kutilmoqda.

    Juma kuni Oʻzbekiston hududiga Kaspiy dengizidan biroz nam va nisbatan sovuq havo massasi kirib keladi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin, shimolda biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 0-5° iliq, baʼzi joylarda 2° sovuqqacha, kunduzi 5-10° iliq boʻladi.

    Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin.

    18-19-yanvarda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

    18-19-yanvarda respublikaning togʻli hududlarida yogʻingarchilik (yomgʻir, qor), vaqti-vaqti bilan kuchli boʻladi. 18-19-yanvarda qor koʻchishi xavfi bor, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi.