“Fan” nashriyotida akademik Naim Karimovning “Usmon Nosir” maʼrifiy-biografik romani chop etildi. Ushbu asar shoirni xalqqa yanada yaqinlashtiruvchi, uning ijodi va shaxsiyatidagi mavhum jihatlarini ochib beruvchi hikoyalardan iborat boʻlib, muallifning uzoq yillik izlanishlari natijasida yaratilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 10-fevral kuni “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagan edi.
Unga koʻra, Namangan shahrida Usmon Nosir haykalini oʻrnatish, koʻchalarga nomini berish, ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazish, “Tanlangan asarlar” toʻplami hamda “Usmon Nosir zamondoshlari xotirasida” kitobini nashr etish, hujjatli film suratga olish belgilangan.
Naim Karimovning maʼrifiy-biografik romani ham Usmon Nosir tavalludining 110-yilligiga oʻziga xos tuhfa boʻldi.