Tadbirda Namangan viloyat hokimligi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining bir guruh a'zolari, Namangan adabi muhiti vakillari, ko'plab ziyolilar ishtirok etdi.
Yozuvchilar uyushmasi rais o'rinbosari G'ayrat Majid yig'ilganlarga shoirning jiyani Nodira Rashidova, akademik Naim Karimov va Yozuvchilar uyushmasi a'zolarining ehtiromini etkazib, Usmon Nosir tavalludi butun Respublikada juda keng miqyosda nishonlanayotgani, katta tadbirga tayyorgarlik ko'rilayotganini bildirdi. So'z yakunida shoir xotirasiga bag'ishlangan she'ri bilan qalblarni to'lqinlantirdi.
O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning Usmon Nosir taqdiri to'g'risidagi ta'sirli hikoyalari barchani iztirobga soldi. Tadbirda, shuningdek, adabiyotshunos olimlar Qozoqboy Yo'ldoshev, Nurboy Jabborov, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari Ziyovuddin Mansur so'zga chiqib, qimmatli ma'lumotlarni havola qildi.
Shoir tug'ilgan xonadonda tashkil etilgan muzeyning ochilish marosimida shoir va uning yaqinlari ruhiga Qur'on tilovat qilindi. Muzey qimmatli manbalar, qo'lyozmalar, suratlar, hujjatlar bilan aniq izchillikda boyitilgan.