“Aql yoshda emas, boshda “, degan naqlga hech qanday e'tirozimiz yo'q. Lekin baribir bu yorug' dunyoda ko'p yashagan, ko'pni ko'rgan, ko'pni boshidan kechirganlarning o'rni boshqa. Axir bejizga “Qari bilganni pari bilmaydi,” demaydilar. Bekorga  el orasida “Sakson yoshdan o'tganlarning atrofida farishtalar aylanib yuradi, shuning uchun uning duolari ijobat bo'ladi”, degan gap yurmaydi. Qachondir, qay bir munosabat bilan aytilib yashab qoldimi, bu gaplarda haqiqat bo'ladi. ehtimol, Siz “Bu gaplar insonlar haqida aytilgan, nimaga jurnalga nisbat beryapsiz?” dersiz. Axir, jurnallar,  gazetalar ham inson mehnatining hosilasi-ku. Bugun ilk sonining chop etilganiga 95 yil to'lgan “Saodat” jurnalining tarjimai holida ne-ne mehnatlar, ne-ne ibratlar, qancha an'analar bor. YAna sabr, shukronalik mujassam. CHunki uning hayot yo'li o'zbek ayoli bosib o'tib kelayotgan yo'lning bir qismidir.  Dastlabki yillarda  “Yangi yo'l” , “Yоrqin turmush”, ”Yоrqin hayot “,  keyinchalik   “O'zbekiston xotin-qizlari” nomlari bilan muxlislar qo'liga etib borgan “Saodat” jurnalining o'tmishdoshi sahifalariga Tojixon SHodieva, Sobira Xoldorova , Xosiyat Tillaxonova, Saodat Shamsieva, Fotima Niyozova, Iqbolxon Akbarxo'jaeva, Oydin Sobirova kabi xalqimiz ziyoli qizlarining  qalb qo'rlari, ko'z nurlari to'kildi. Ularning aksariyati   yurtimizning ilg'or, iste'dodli kishilari qatori qatag'onga uchradilar. Biz bugun opa-singillarimizning qalb ko'zlarini ochish niyatida maqolalar,  she'rlar yozgan , iqtidorli ayollarni jamiyat maydoniga olib chiqishga, haq-huquqini tanishga dav'at qilgan, so'zni ezgulik yaloviga aylantira olgan bu zahmatkash jurnalistlarni,  ularga qiyin davrda qo'shqanot bo'lgan  ziyolilar ahlini hurmat bilan xotirlaymiz. Jurnal vaziyat taqozosi bilan ba'zi yillarda to'xtab qoldi, lekin davrning to'fonlari tinib, urushlari tugagach, yana nashr qilina boshladi.   Demak, shunday nashr xalqimizning ma'naviy hayoti uchun o'tkinchi hodisa emas, zaruriyat ekan-da! 95 yillik hayot ham ana shu zaruriyatdan kelib chiqqan, desak haq gapni aytgan bo'lamiz. Adiba Oydin Sobirova ustozlik mehri, ishonchi bilan topshirgan jurnalni ardoqli shoiramiz  Zulfiyaxonim  bugungi “Saodat” nomi bilan   ayollarning sirdoshi,  maslahatgo'yi,  do'sti maqomiga olib chiqdi. Faqat ziyolilar emas, yurtimizning chekka-chekka joylarida istiqomat qiladigan uy bekalari, onaxonlar, chevarlik, pazandalikka qiziqqan opa-singillarimiz ham jurnalning har bir sonini orziqib kutishardi. Chunki uning sahifalarida hamma yoshdagi, barcha kasbdagi xotin-qizlarga tegishli materiallar bo'lardi. Xolida Ahrorova, San'at Mahmudova, Rahima SHomansurova, Nasima Yusupova, Roza Sayfieva, Laylo Salimjonova kabi tahririyatda turli vazifalarni ado etgan ayollar Zulfiyaxonim maktabida toblandilar, elga tanildilar. “Saodat” Zulfiyaxonim rahbarlik qilgan yillarida bir avlod ijodkorlarni o'z bag'rida kamolga etkazdi va bu an'ana   hozirgacha saqlanib qoldi. An'analar davom qilgani bilan har bir davrda “Saodat”ning odamlarni ohanrabodek o'ziga tortadigan yangiliklari ham bo'ldi. O'zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdieva davrida jamoa hayotga ko'proq tahliliy ko'z bilan qaradi. Hayot murakkabliklarida yuzaga chiqib kelayotgan illatlar ildizini ochib,  o'z   o'quvchilarini uyg'oqlikka, fikrlashga  chorladi.  CHori Latipov, erkin Malik, eshqobil SHukur, Salim Ashur, YOqubjon Xo'jamberdiev, Qo'chqor Norqobil kabi o'tkir so'zli jurnalistlar bilan birga bu vazifaning uddasidan chiqdi. “Saodat” ning mavzularida,  albatta, har bir davr bergan imkoniyatning ham o'rni bor. O'zbekiston xalq shoiri Oydin Hojieva bosh muharrirlik qilgan yillarida jurnal mehnat ahlining hayotiga kirdi.  el kezdi, quvonchlaridan quvondi, tashvishlariga balanddan qarab emas, ko'ngildosh bo'lib sheriklik qildi. Keyinchalik bosh muharrir o'rinbosari  Mahmuda Sa'dullaeva rahbarlik vazifasini ado etganida ham, “SHuhrat “ medali sohibasi Feruza Jalilova boshqargan yillarda ham “Saodat” faxr bilan aytadigan bir yutug'i bor: jurnal iste'dodli yoshlarni   kamolga etkazadigan, ularga “Oq yo'l“ tilaydigan ustozlik vazifasidan chekinmadi. “Saodat“ daryosidan suv ichgan, el sevgan ijodkorlar Dilbar Mahmudova,  Muhtarama Ulug'ova, Dilbar Saidova, SHarifa Salimova, SHahodat Isaxonova, Qutlibeka Rahimboeva, Zulfiya Mo'minova, Gulchehra Jamilova, Ra'no Rahmon, Sanobar Faxruddinova, Ra'no Zaripova, Guljahon Mardonova, Dilfuza Shomalikova, Hamroxon Musurmonova kabi  shoirlaru nosirlar bugun ham “Saodat”ga elkadoshdir. Kechagidan  ko'ra ham ko'proq g'ayrat bilan ijod qilib zamon bilan hamnafas bo'lmoqdalar. Bugun jurnalning vazifasi yana ham zalvorliroq. O'zbek ayoli dunyoga bo'ylayapti.  Hatto bolalik ostonasidan o'tmagan qizlarimiz internet  orqali jahonni kuzatadi. Turfa tarafdan axborotlar oqib kelayotgan zamonda onaxon jurnal o'z o'quvchilarini qanday saqlab tura oladi? Jamoamiz   atrofidagi jamoa, Guliston Matyoqubova, Ibodat Rajabova, Dilbar Haydarova, Xosiyat Bobomurodova, Hafiza egambedieva, Risolat Haydarova,  Salima Xoldorova, Nargiza Asadova, Adiba Umirova kabi turli avlodga mansub ijodkorlarning qalamidan “qizil ip” bo'lib o'tayotgan hodisa nima?      

   Qanchalik yuqori taraqqiyotga erishmasin, millatni millat sifatida ushlab turadigan ustunlari bo'ladi. Insonlar yangiliklarga intilar ekan, zamon maydonlarida o'z o'rnini topishga harakat qilar ekan, o'sha ustunlarga tayanadi. O'sha ustunlardan kuch oladi. Bizning opa-singillarimizga  ham momolarimizdan meros qolgan qadriyatlar bor. SHu jozibali qadriyatlarni asrash, bundan yuz yillar keyin ham yashash tarzi yuksalgan ayollarimizning qalban o'zbek bo'lib qolishi uchun harakat qilish, shu maqsadda yozish, qalam ahlini ushbu maqsadga yo'naltirish bugunimizning asosiy vazifasidir. Bir so'z bilan aytganda, millatimizning milliy belgilarini mustahkamlash yo'lida sobit bo'lish.  O'zbek ayolining haq-huquqini muhofaza qilish, qizlarimizni baxtli oila bekaligiga hozirlash, ularning qalbida Vatan tuyg'usini  uyg'otish, har birini jamiyatning faol fuqarosiga aylantirish kabi boshqa maqsadlarimiz ham milliyligimiz doirasidan chiqib ketmaydi.                              

   O'ylaymizki, bu yo'llarda Siz biz bilan birgasiz. Opa-singillarimizni azizu mukarram qiladigan barcha go'zalliklar Sizning orangizda, Sizning hayotingizda.  Bizga yaxshilarning yaxshisini ilinsangiz, davralarni kengroq olsangiz    momolarimizga, onalarimizga suyukli bo'lgan “Saodat”ning yoshiga yosh qo'shasiz. Axir, dunyoda umrga umr qo'shishdan ham ortiqroq savob bormi? Xayrli, xosiyatli, savobli yo'llarda takror-takror diydorlashish nasib etaversin!

 

                                   Munavvara USMONOVA,

                                    “Saodat” jurnali bosh muharriri