Vaqt oqar daryo deydilar dono xalqimiz. Kechagidek yodimda, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov bilan navoiyxonlik va boburxonlik dekadasida uchrashgan edik. Bu uchrashuv IIV Akademiyasining Maʼnaviyat va maʼrifat markazida boʻlgan edi. Mazkur markazdagi uchrashuvlarni va tadbirlarni aksariyat hollarda bizning kafedra oʻtkazar edi.
Uchrashuv nihoyatda joʻshqin va qiziqarli oʻtdi. Erkin Vohidov aruz vaznida yozilgan gʻazallarini oʻqib, bizni xushnud etdilar. Ijodlari haqida va jamoat arbobi sifatidagi faoliyatlari toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlar berdilar. Ayniqsa, Yevropa kengashining parlamentlararo assambleyasida ishtirok etib, ingliz tilida maʼruza qilganlari va oʻsha chiqishdan video lavhalar berilgani ofitser va kursantlarni lol qoldirgandi.
Erkin akaning ingliz tilida erkin va ravon soʻzlashganlari hammamizning xavasimizni keltirdi. Ofitser va kursantlar shoirdan ingliz tilini bunchalik yaxshi bilishlarini soʻrashganda, Erkin aka ingliz tilini nevaralarim bilan repetitorga qatnab oʻrganganman deb javob bergandilar. Kishi oʻz oldiga maqsad qoʻysa va intilsa, unga, albatta, erishadi deb javob berganlar. Biz shoirni yaxshi koʻrardik, lekin oʻsha voqeadan soʻng boshqacha mehr bilan qaraydigan boʻldik.
2012-yilning fevral oyida kafedramiz navoiyxonlik va boburxonlik dekadasiga yana Erkin Vohidovni taklif etadigan boʻldik. Yozuvchilar uyushmasidan telefon raqamlarini olib, shoirga telefon qildim. Goʻshakni oʻzlari koʻtardilar va muloyim ovozda: “Labbay!”, dedilar. Ovozlarini eshitib, avvaliga dovdirab qoldim, boʻlmasa unvoni yuqori yoki katta idoralarda ishlaydigan amaldorlar bilan bemalol gaplashadigan odam edim. Lekin bir zumda oʻzimni qoʻlga olib, kim ekanligimni tanishtirdim va maqsadimni aytdim.
Ozgina sukut saqlagandan soʻng: “Mayli, faqat kunini menga aniq ayting!”, dedilar. Kunini aytib, band emasliklarini bilib, mashina yuboramiz, deb xayrlashdim. 2012-yilning 10-fevral kuni xizmat avtomashinasida haydovchi bilan birgalikda ustozni Toshkentning soʻlim dahalaridan biri boʻlmish Xuvaydo mahallasidan olib keldik. Erkin aka bizni kutib turgan ekanlar. Yoʻlakda ayollari koʻrindilar va mashinamizni yonidagi chiziqlarni koʻrib, gʻalati boʻlib qoldilar. Erkin aka: “Bular Ichki ishlar vazirligi Akademiyasidan, qoʻrqmang onasi, bir soatda qaytib kelaman!”, dedilar. Men avvaliga tushunmadim va eʼtibor bermadim. Keyinchalik bilsam oʻsha kezlari boshlariga katta tashvish tushgan ekan, shuning uchun shoirning turmush oʻrtoqlari xavotir olgan ekan.
“Tadbirda menga birinchi boʻlib soʻz beringlar, men oʻn besh daqiqa maʼruza qilib, vaqtliroq yangangizning oldilariga qaytishim kerak”, dedilar Erkin aka Akademiyaga yetib kelgach. “Kursantlar sizni kelishingizni intizorlik bilan kutib oʻtirishibdi, katta tayyorgarlik koʻrishgan. Ketib qolsangiz yigit-qizlar xafa boʻlishadi. Darvoqe, sizni Tohir Malik ham kutib oʻtiribdilar”, dedim men. Ustoz indamadilar.
Markaz gullar bilan bezalgan, hamma yoq saranjom va sarishta, kursantlar orasta oq koʻylaklarda, hamma yerdan tantanavorlik ufurib turibdi. Zalning oʻrtasida bobokalonlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning moʻyqalam bilan ishlangan portretlari oʻrnatilgan. Zalda Tohir Malik, Baxtiyor Nazarov, Omonulla Madayev, Hamidulla Boltaboyev va boshqa adabiyotshunos olimlar kutib oʻtirishgan ekan. Erkin aka barchalari bilan omonglashgach, tadbir boshlandi. Boshlovchi kursantlar kelgan mehmonlarni birma-bir tanishtirishdi. Birinchi boʻlib, Erkin akani eʼlon qilishganda markaz qarsakdan portladi desam aslo mubolagʻa qilmagan boʻlaman.
Men shunda faxmladimki, xalqimiz Erkin Vohidovni naqadar yaxshi koʻrar ekan. Zalni tinchlantirib, boshqalarni tanishtirishdi va kursantlar tayyorlagan sahna koʻrinishini namoyish qilishdi. Erkin aka koʻrdiki, tayyorgarlik xoʻja koʻrsinga emas, balki mehr bilan qilingan. Atoqli adib chiroyli chiqish qildi, mavzuga oid savollarga javob berdi va oʻz ijodidan namunalar oʻqib berdi. Barvaqt chiqib ketaman degan shoir tadbirning oxirigacha qoldi, chunki muhit bunga yoʻl qoʻymadi.
2015-yilning fevral oyida shoira Zulfiyaning yuz yillik yubileylari bahonasida yana Erkin Vohidov huzuriga bordim. Oʻsha vaqtda ular Beshyogʻochdagi ijod uyida ekanlar. Men oʻsha damda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetida malaka oshirishda edim. Universitetdan piyoda ustozning ijod uyiga bordim. Eshikning qoʻngʻirogʻini chaldim, lekin hech kim javob bermadi. Ortga oʻgirilib, bir qadam bosishim bilan menga tanish boʻlgan ovozda “labbay!” degan sas yangradi. Eshikda samimiy tabassum bilan Erkin Vohidov turardilar.
Men harbiychasiga: “Salomatlik tilayman! Oʻrtoq marshal!”, dedim baland ovozda. Erkin aka kulib: “Keling, Toʻlqinjon keling!”, dedilar va ichkariga taklif qildilar. “Meni juda unvonda koʻtarib yubordingizku, Toʻlqinjon!”, dedilar Erkin aka kulib. “Siz Oʻzbekiston Qahramonisiz ham Xalq shoirisiz, siz marshal unvoniga loyiqsiz!”, dedim. Albatta, bu hazil edi va men ustozlarni koʻnglini koʻtarish uchun shunday derdim.
Oʻsha kuni ustoz menga ilk marotaba rad javobini berdilar, sababi yaqindagina chet elda yuraklarini muolaja qildirgan ekanlar, shuning uchun ularga tinchlik kerak ekan. “Men oʻzim bora olmasam ham Ibrohim Gʻofurov va Oydin Hojiyevalarga iltimos qilaman, ular tadbiringizga borishadi. Bundan tashqari, ular Zulfiya xonim sababli turmush qurishgan va tadbiringizga oʻzgacha fayz kiritishadi. Oramizda Zulfiyani Oydin Hojiyevachalik yaxshi biladigan adiba yoʻq”, dedilar.
Zulfiyaxonimning yuz yillik yubileylari katta bir bayramdek oʻtdi. Bunga, albatta, ustozning takliflariga binoan tadbirimizga tashrif buyurgan Oʻzbekiston sanʼat arbobi Ibrohim Gʻofurov va Oʻzbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyevalar fayz kiritishgan. Mana shu voqeaga ham yaqinda toʻqqiz yil boʻladi. Shoir vafotidan keyin men koʻp tashkilotlarda adibning ijodi bilan bogʻliq maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlar oʻtkazganman. Ularda, albatta, shoirning nabiralari va yaqinlari ishtirok etishgan.
2018-yilning 1-iyunida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Harbiy-texnik institutida tadbirda Erkin Vohidov bilan Toshkent shahridagi 22-oʻrta maktabda oldinma keyin taxsil olgan Ibrohim Gʻofurovni taklif etgan edik. Oʻshanda Ibrohim akaning Erkin Vohidov haqidagi hikoyasi kursantlarda juda katta taassurot qoldirdi.
Xizmat yuzasidan men koʻp ulugʻ odamlar bilan hamsuhbat boʻlganman, lekin ular orasida Erkin Vohidovning alohida oʻrni bor. Ustozimizning oxiratlari obod boʻlsin.
Toʻlqin SAYDALIYEV,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
isteʼfodagi podpolkovnik