Uy-joy qurilishi sohasida Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligining istiqbollari koʻrib chiqildi

    Xalqaro hamkorlik 14 Dekabr 2022 1270

    Joriy yil 14-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkiya Respublikasi Davlat uy-joy boshqarmasi (TOKI) rahbari Omer Bulut bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston tomoni Turkiya aholisi uchun arzon ijtimoiy uy-joylar qurish boʻyicha TOKI faoliyatini yuqori baholadi hamda ilgʻor turk texnologiyalari va tajribasidan foydalangan holda uy-joy qurilishi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirdi.

    Oʻz navbatida Omer Bulut Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni alohida taʼkidlab, qoʻshma istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish, texnik va maslahat yordami koʻrsatish, shu jumladan, keyingi 5 yil uchun “Ijtimoiy uylar yaratish strategiyasi”ni ishlab chiqishga koʻmaklashish doirasida hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

    Muloqot yakunlari boʻyicha tomonlar arzon ijtimoiy uy-joylar qurish boʻyicha Turkiya tajribasidan foydalangan holda kelgusi hamkorlikning tashkiliy jihatlarini ishlab chiqish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Turkiya davlat uy-joy boshqarmasi 1984-yilda tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi kam va oʻrta daromadli fuqarolarning uy-joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashdan iborat. Soʻnggi 20 yil davomida Turkiya Respublikasida boshqarma tomonidan 1,1 millionta turar-joy binosi, 1 395ta maktab, 20ta universitet, 997ta sport majmuasi, 44ta kutubxona qurildi.