Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-sentyabrdagi “Yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va qayta qurish uchun ipoteka krediti ajratishning soddalashtirilgan tizimini joriy qilish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan tajriba tariqasida Andijon viloyatining Andijon shahri, Qoʻrgʻontepa va Shahrixon tumanlari aholisiga “Ipoteka-bank” ATIB va “Qishloq qurilish bank” ATBlari tomonidan ipoteka kreditlarini mijozning tanloviga koʻra, xoʻjalik usulida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish (qayta qurish) uchun soddalashtirilgan tizimda qarz oluvchining yaʼni mijozning bank plastik kartochkasiga bosqichma-bosqich pul oʻtkazish yoʻli bilan mablagʻlar ajratilishi imkoniyati yaratildi.
Bunda mijoz tijorat bankining filialiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
1. Uy-joy loyihasi.
2. Fuqarolik pasporti nusxasi
3. Oylik daromad (oxirgi uch oy uchun)
Bank quyidagi shartlar asosida ipoteka kreditini ajratadi
- Kreditning muddati – 20 yil;
- Kreditning maksimal summasi 320 million soʻm;
- Imtiyozli davr – 6 oy;
- Boshlangʻich badal – 10%;
- Foiz stavkasi miqdori – 17%
Ushbu qarorning afzalliklari shundan iboratki Andijon viloyatining Andijon shahri, Qoʻrgʻontepa va Shahrixon tumanlari aholisini eng avvalo uy-joy sharoitini yaxshilash imkonini beradi. Shu bilan birga aholi tomonidan uy-joy qurilishiga sarf etiladigan xarajatlar, qurilish tashkilotlari tomonidan qurilgan uylarga nisbatan arzon boʻladi, aholi qoʻshimcha ish bilan taʼminlanadi, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish hajmini oshishiga olib keladi, deb xabar beradi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi matbuot xizmati.