Uy-joy uchun ijara narxlarining pasayishi kuzatildi

    2023-yilning dekabr oyida Toshkent shahrida oʻrtacha va toʻliq taʼmirlangan uy-joylar uchun ijara narxlarida tushish kuzatildi. Lekin, 4 xonali xonadonlarning ijara narxlarida koʻtarilish qayd etildi.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023-yilning dekabr oyida Toshkent shahrida uy-joy uchun taklif etilgan ijara narxlarini tahlil qildi.

    2023-yilning dekabr oyida Toshkent shahrida oʻrtacha va toʻliq taʼmirlangan uy-joylar uchun ijara narxlarida tushish kuzatildi. Lekin, 4 xonali xonadonlarning ijara narxlarida koʻtarilish qayd etildi.

    2023-yilning soʻnggi oyida oʻrtacha taʼmirlangan xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari noyabr oyidagiga nisbatan oʻrtacha 0,3 foizga pasaydi.

    Ushbu guruhda 1 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari noyabr oyidagiga nisbatan oʻrtacha 0,2 foizga pasayib, 400 dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2 xonali xonadonlar uchun oʻrtacha ijara narxlari (443 dollar) 1 foizga, 3 xonali uylarning ijara narxlari (515 dollar) 0,7 foizga arzonlashgan. 4 xonali uylarning oʻrtacha ijara narxlari (594 dollar) esa 0,7 foizga oshgan.

    Toʻliq taʼmirlangan guruhdagi uylar uchun taklif etilgan oʻrtacha ijara narxlarida 0,4 foiz tushish kuzatildi. Xususan, shahar boʻyicha 1 xonali uylar uchun oʻrtacha ijara narxlari (476 dollar) 2 foiz arzonlashgan boʻlsa, 2 xonali (653 dollar) va 3 xonali (782 dollar) uylar uchun ushbu koʻrsatkich mos ravishda 0,3 foiz va 0,4 foizni tashkil etgan. Lekin, 4 xonali uylar uchun oʻrtacha ijara narxlari 0,9 foiz qimmatlashgan va 915 dollarga yetgan.

    Ijara narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar olx.uz platformasidan veb skreping (web scraping) usulida toʻplandi. Bunda noyabr oyi uchun 45.4 mingta va dekabr oyi uchun 41.4 mingta maʼlumotdan foydalanildi.