Yangilangan metodologiya xalqaro statistika standartlari inobatga olingan holda, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari ko‘magida ishlab chiqildi hamda 2026-yilning II choragidan amaliyotga joriy etildi.
Mazkur o‘zgarishlar uy-joy bozoridagi narxlar dinamikasini yanada aniq aks ettirish, hisob-kitoblarning tahliliy imkoniyatlarini kengaytirish hamda turli davrlar bo‘yicha ko‘rsatkichlarni o‘zaro taqqoslash imkonini oshirishga xizmat qiladi.
Takomillashtirilgan metodologiyaning muhim jihatlaridan biri — hisob-kitoblarda gedonik regressiya usulining joriy etilishidir. Gedonik regressiya — bu uy-joy narxini uning asosiy xususiyatlari, ya’ni maydoni, joylashuvi, qavati, xonalar soni va boshqa omillar ta’sirini hisobga olgan holda baholashga imkon beruvchi statistik usuldir.
Mazkur yondashuv bozorda sotuvga qo‘yilgan obyektlar tarkibidagi farqlar ta’sirini kamaytirib, aynan narxlar dinamikasini aniqroq o‘lchash imkonini beradi.
Shuningdek, yangi metodologiyada kuzatuv qamrovi kengaytirilib, yakka tartibdagi turar joylar ham hisob-kitoblarga kiritildi. Ma’lumotlar bazasini shakllantirishda ko‘chmas mulk bozoridagi e’lonlar, jumladan, OLX.uz platformasi hamda boshqa ochiq manbalar ma’lumotlaridan foydalaniladi.
Uy-joy bozori narx indekslari har chorakda Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy veb-sayti va SIAT tizimida jadvallar hamda grafiklar ko‘rinishida e’lon qilib boriladi.