Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan mazkur preparatlarning sotuvda mavjudligi, ularning narxi yuzasidan jamoatchilik nazorati tartibida monitoring oʻrganmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining tuman (shahar)larida faoliyat koʻrsatayotgan dorixonalar tanlanma usulda oʻrganilganda mazkur dorixonalarda Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan tavsiya etilgan dorilarning atigi bittasi «Azitromitsin» sotuvda mavjud ekani, 6 mingdan soʻmdan 30 ming soʻmgacha sotilayotgani maʼlum boʻldi. Qolgan turdagi dorilar sotuvda mavjud emas.
Andijon viloyatining dorixonalarida ham faqatgina «Azitromitsin» preparati sotilmoqda va uning narxi 3 ming soʻmdan 36 ming soʻmgacha ekan. «Plakvenil» esa viloyatning Andijon shahar, Asaka, Buloqboshi, Qoʻrgʻontepa hamda Shaxrixon tumanlaridagi ayrim dorixonalarda235 mig soʻmdan 282 ming soʻmgacha sotilmoqda.
Buxoro viloyati hududidagi dorixonalarda «Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» hamda «Favipiravir» dorilari sotuvda mavjud emas. Faqatgina «Azitromitsin» dorisi sotuvda mavjud boʻlib, mazkur dori narxi 4500 soʻmdan 15000 soʻmgacha.
Jizzax viloyati hududidagi dorixonalarda ham faqatgina «Azitromitsin» sotuvda mavjud. Mazkur dori viloyat dorixonalarida 5 ming soʻmdan 8 ming soʻmgacha sotilmoqda.
Qashqadaryo viloyati hududidagi dorixonalarida olib borilgan oʻrganishlar natijasiga koʻra, «Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» hamda «Favipiravir» dorilari umuman sotuvda mavjud emasligi, sotuvda mavjud boʻlgan «Azitromitsin» dorisi ishlab chiqarilgan mamlakatiga koʻra narxida farqlanadi. Mazkur dori vositasi 4 ming soʻmdan 38 mingcha sotilmoqda.
«Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» hamda «Favipiravir» dorilari viloyat hududidagi dorixonalariga soʻngi uch oydan beri sotuvga olib kelinmayotganligi aniqlandi.
Respublikamizning qolgan hududlarida ham shunga oʻxshash jarayon boʻlib, «Plakvenil», «Lopinavir/Ritonavir», «Remdesivir», «Umifenovir» hamda «Favipiravir» dorilari sotuvda mavjud emas. Soʻngi uch oydan beri tarqatuvchi korxonalar tomonidan yetkazib berilmayapti.
«Azitromitsin» dori vositasi Navoiy viloyatining dorixonalarida 4 mingdan 12 minggacha sotilayotganligi, ayrim dorixonalarda umuman qolmaganligi kuzatildi. Namangan viloyati hududidagi dorixonalarda 5 ming soʻmdan 12 ming soʻmgacha, Surxondaryo viloyatida 5 ming soʻmdan 12 ming soʻmgacha, Sirdaryo viloyati dorixonalarida 6 ming soʻmdan 40 ming soʻmgacha, Fargʻona viloyatining dorixonalarida 4 mingdan 36 minggacha, Xorazm viloyatida esa 4800 soʻmdan 34000 soʻmgacha, Toshkent viloyatida 4500 soʻmdan 40000 soʻmgacha, Toshkent shahrida 6 mingdan 35 mingcha sotilayotganligi aniqlandi.
Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidagi «Golden Aziya Farm» korxonasiga qarashli dorixonada «Plakvenil» dorisi 234 ming soʻmdan sotilayotganligi kuzatildi. Uning zaxirasi ham 40 dona qutidan iborat.
Federatsiya tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida sovid 19 infeksiyasini uy sharoitida davolash uchun zaruriy dori vositalar narx-navosi doimiy oʻrganib boriladi hamda bu borada keng jamoatchilik xabardor qilinadi.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati