Bu haqda Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi boʻlim boshligʻi Elvira Svechnikova fikrlari bilan oʻrtoqlashadi:
— Eng avvalo, dori vositasini qoʻllash yoʻriqnomasini diqqat bilan oʻqib chiqish va unga qatʼiy amal qilish har doim juda muhim ekanligini tushunib olish lozim.
Turli dori vositalari koʻpincha 2° dan 25°gacha boʻlgan diapazon oraligʻidagi haroratda saqlanadi. Bunda harorat, namlik va yorugʻlik ularni saqlash tartibida muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamma dori vositasini sovitkichda saqlash notoʻgʻri!
Xona harorati odatda 15°-25°, shuningdek, iqlim sharoitiga qarab 30°S gacha boʻlgan koʻrsatkichni nazarda tutadi. Bunday paytda dori vositalarini tibbiyot qutichasida jamlab, shkafda saqlashingiz maqsadga muvofiq.
8°dan 15° gradusgacha boʻlgan salqin haroratda ayrim dori vositalarini sovitkichda saqlashga ruxsat beriladi!
Bunda 8°S past haroratda fizik-kimyoviy xususiyatlari oʻzgarishi mumkin boʻlgan dori vositalari (damlamalar, suyuq ekstraktlar va boshqalar)ni sovitkichda saqlash mumkin emas.
Dori vositalarini sovuq joyda saqlash deganda sovitkichda 2°C dan 8°S gacha boʻlgan haroratda saqlash tushuniladi!
Bunda dori-darmonlarni sovitkich devoriga yaqin joylashtirib, ularning muzlab qolishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Odatda shamchalar (svecha), turli koʻz tomchilari, linimentlar, inyeksiya eritmalari, ferment tabletkalari shu tarzda saqlanadi.
Sovitkichning bir tokchasida dori vositalari va oziq-ovqatlar yonma-yon turishi qatʼiyan man etiladi!
Dori-darmonlarni saqlashda yorugʻlik va namlikdan himoya qilish kabi talablarga ham eʼtibor berish kerak. Agar koʻrsatmada “qorongʻu joyda saqlang” deb aytilgan boʻlsa, unda siz dori qadogʻini yorugʻlikdan toʻliq himoya qilishingiz kerak.
Quruq joyda havo namligi 50% dan oshmasligi zarur!
Yodda tuting: tibbiyot qutichasi (aptechka) suv va isitish moslamalari yaqinida boʻlmasligi kerak. Shuningdek, dori vositalarini ishlab chiqaruvchi tomonidan koʻrsatilgan muddatdan uzoqroq saqlash mumkin emas. Qadoq ochilgandan keyin odatda koʻrsatmada yozilgan saqlash muddati sezilarli darajada kamayishi mumkin. Bundan tashqari, ochilgan preparatlar baʼzan boshqa sharoitlarda saqlanishi kerak boʻladi.
Bu borada mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.