Bozorlarda ikki xil tuxum sotiladi: arzonrog'i “davlatniki”, narxi biroz oshirilgani esa “uy tuxumlari”.  Va ko'pchilik qimmat bo'lsa ham, “uy tuxumi”ni tanlaydi. Lekin hajmi, ta'mi va vazni deyarli bir xil bo'lgan mahsulotning ikki xil nomlanib, turlicha narxlarda sotilishi ham aslida iste'molchi huquqlarining buzilishi emasmi?

Barchamiz uyda boqilgan tovuq tuxumlarini tabiiy mahsulot sifatida qabul qilgan holda xarid qilamiz. Xususan, “uy tuxumi” parrandachilik fermasidan olingan tuxumlarga nisbatan rostdan ham bir muncha xaridorgir va qimmatroq. O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan olib borilgan o'rganishlar jarayonida Toshkent shahridagi bitta savdo tarmog'ida odatdagi tuxumdan qimmatroq bo'lgan “uy tuxumi”ning sotilish holatlari  aniqlandi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mutaxassisi Umida Mansurovaning ta'kidlashicha, supermarketda sotilayotgan mazkur tuxumning qadoqlangan tarasida ishlab chiqaruvchi, saralash vaqti, saqlash sanalari haqida hamda “uy tuxumi” ekanligini asoslovchi ma'lumotlar mavjud emas.

Toshkent shahar savdo tarmog'ining bunday ayyorona marketing hiylasi iste'molchini aldashga olib kelishi tabiiy, albatta. “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunga ko'ra, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste'molchiga o'zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o'z vaqtida zarur, to'g'ri va tushunarli ma'lumot berishi shart. Amaldagi davlat standarti (O'R. O‘z DSt 629:2014) “Oziq-ovqat uchun tovuq tuxumi” bo'yicha: saqlash muddatiga ko'ra parhez va oshxona turlariga bo'linadi. Bundan kelib chiqadiki, davlat standartida “uy tuxumlari” tushunchasi va atamasi mavjud emas!

Agentlik tomonidan savdo markazi ma'muriyatiga yuqoridagi holat bo'yicha sotilayotgan mahsulotning turi (uy, parhez va oshxona)ni tasdiqlovchi (gigienik xulosa, muvofiqlik sertifikati) kabi hujjatlar asosida ishlab chiqarilgan tuxum mahsulotlari haqida to'liq ma'lumotlarni taqdim etish talabi bilan so'rov yuborildi. Dastlabki o'rganish natijalariga ko'ra, agentlik “uy tuxumi”ning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas, degan taxminga kelgan. Sababi savdo tarmog'i ma'muriyati ushbu mahsulotlarni chakana savdo nuqtalaridan to'liq olib qo'yilganligi to'g'risida ma'lumot berish bilan cheklangan, xolos.