Hozirda mazkur idoraning aralashuvi bilan Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning huquq va manfaatlari himoyalanib kelinmoqda. Jumladan, Uychi tumanidagi avtotransportlarga texnik xizmat koʻrsatuvchi korxona rahbari Abduvohid Gʻafforov qariyb 15 yildan buyon tadbirkorlik faoliyatida turli toʻsiqlarga uchrab, hali u, hali bu idora eshigi oldida oylab vaqt oʻtkazgan. Uning masʼul tashkilotlarga yoʻllagan murojaati hal etilmagani bois, koʻp yillar mehnat faoliyatida unum, ishida baraka boʻlmagan. Nihoyat, 2020-yilga kelib, murojaati Biznes-ombudsman tomonidan ijobiy yechim topdi. Hozirda 6 ta ish oʻrni yaratgan tadbirkor kelgusida 40-50 nafar fuqarolarni ish bilan taʼminlash niyatida.
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator ishlar samara bermoqda. Shulardan biri sifatida “E-IJRO AUKTSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali tadbirkorlik faoliyati uchun moʻljallangan yer uchastkalariga boʻlgan huquqning sotilishi yoʻlga qoʻyilganini eʼtirof etish mumkin. Koronavirus pandemiyasi sharoitida “E-IJRO AUKTSION” savdo maydonchasi orqali mulklarni sotib olishga boʻlgan qiziqish anchayin ortgani, elektron auksionlarda uyda oʻtirib ham qatnashish mumkinligi tadbirkorlar uchun ayni muddao boʻlmoqda. Mazkur imkoniyatlarni toʻlaqonli tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilishi, amaldagi normativ hujjatlar ijrosini taʼminlash Biznes-ombudsmanning qatʼiy nazoratida.
Bahodir Umarov oʻz tadbirkorligini boshlash istagida tuman hokimligiga yer soʻrab murojaat qilgan. Unga yer sotib olish sifatida “E-IJRO AUKTSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali olish mumkinligi tushuntirilgan edi. Fuqaro auksionda ishtirok etib, oʻziga maʼqul boʻlgan hududdan 70 kvadrat yer maydonini yutib oldi va 2 ta yangi ish oʻrnini yaratdi.
Yana shuni alohida taʼkidlash joiz, Biznes-ombudsmanning Namangan viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlari va tahlillari natijasida viloyatdagi vakolatli davlat organlari tomonidan 3 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlanib, 20 dan ortiq mansabdor shaxslarning maʼmuriy javobgarlik masalasi hal qilindi. Shuningdek, 10 dan ortiq davlat organlariga taqdimnoma va ogohlantirishlar kiritildi. Bu esa sohada shaffoflikni taʼminlash va korrupsiya holatlariga barham berishdan iboratdir.
Biznes-ombudsman tomonidan Namangan viloyati hokimligiga kiritilgan taqdimnomaga asosan yer maydonlarining narxlari hududga muvofiq belgilanishi taʼminlanganligi tadbirkorlik subyektlarining yer maydonlarini auksionda sotib olish imkoniyatini yana-da kengayishiga sabab boʻldi.
Husniddin AHMEDOV,
Biznes-ombudsman bosh inspektori