“O'zavtosanoat” AJ tizimidagi eng yirik korxona hisoblangan – “UzAuto Motors” AJ Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan jalb etilgan 170 nafar mutaxassis bilan hamkorlikda Asaka shahridagi zavodining ishlab chiqarish liniyalarini rejali modernizatsiya qilishni yo'lga qo'ymoqda, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, barqaror ishlab chiqarishni ta'minlash hamda konveyerlarning ishdan chiqishini oldini olish maqsadida korxonada texnik ishlar olib borilishi natijasida ishlab chiqarish liniyalarining ishlashi vaqtincha to'xtatiladi.

“Modernizatsiya “Chevrolet Cobalt” avtomobillarining yillik ishlab chiqarish hajmini qo'shimcha 30 ming donaga oshirish imkonini beradi. Modernizatsiya rejasiga asosan yangi uskunalardagi nosozliklarni bartaraf etish, ishlab chiqarish liniyalariga texnik xizmat ko'rsatish, shuningdek, zavod infrastrukturasini yangilash bo'yicha amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar bajariladi.

Xususan, modernizatsiya rejasi doirasida Presslash tsexida yangi “FANUS” (YAponiya) robotlashtirilgan tiziminining dasturiy ta'minotini ishlab chiqish hamda ishga tushirish ishlari olib boriladi. Bo'yoqlash tsexida amalga oshiriladigan modernizatsiya ishlari esa konveyer rel`slarini almashtirish, tsexdagi robotlashtirilgan tizimlarga texnik xizmat ko'rsatish, shuningdek, bo'yash jarayonida ishlovchi barcha tizimlarni sinovdan o'tkazishni o'z ichiga oladi.

Yig'uv tsexining ikkita liniyasida ham ishlab chiqarish tezligini oshirish imkonini beruvchi keng ko'lamli ishlar amalga oshiriladi ya'ni birinchi liniyada ishlab chiqarish tezligi 35 JPH’ga (soatiga avtomobillar), ikkinchi liniyada bu ko'rsatkich 30 JPH’ga etkazish imkoniyati yaratiladi. SHuningdek, eslatib o'tamiz mazkur ishlar rejalashtirilgan va iste'molchilarga avtomobillarni etkazib berish jadvaliga ta'sir qilmaydi”, — deyiladi xabarda.