“Uzbekistan Airports” AJ 6,8 mlrd soʻmli davlat xaridini noqonuniy oʻtkazgani aniqlandi

    “Uzbekistan Airports” AJ buyurtmachiligida jami 6,8 mlrd. soʻmlik “bodi-kameralarni yetkazib berish, oʻrnatish va ishga tushirish xizmatini koʻrsatish” yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridida qator qonunbuzilish holatlari sodir etilgani maʼlum boʻldi.

    Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maʼlum qildi.

    Aniqlanishicha, ushbu tanlovda ishtirokchilar uchun tanlov hujjatlarida aks etgan talablar asosida takliflar toʻliq va xolis baholanmagani, shuningdek, oʻzaro affillangan shaxslar (yaʼni oʻzaro bogʻliqlik va manfaatdorlik) ishtirok etgangani va baholash jarayonida qator xatoliklarga yoʻl qoʻyilgani tasdiqlandi.

    Qayd etilgan holat yuzasidan Agentlikning taqdimnomasi asosida xarid komissiyasining gʻolibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinib, noqonuniy davlat xaridining oldi olindi.

    Oʻrganish va tahlillar jarayonida toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.