“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.v.b. Javlonbek Umarxo‘djayev va KAC prezidenti Yoon Hyung-Joong hamkorlikning bir qancha yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan anglashuv memorandumini imzoladi. Asosiy yo‘nalish O‘zbekistonda aeroport xodimlari uchun aviatsiya sohasida tayyorlash markazini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyiha bo‘ldi. Markaz KAC innovasion tajribasi asosida tashkil etilib, Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) moliyalashtirish va uni zamonaviy uskunalar bilan jihozlashni nazarda tutuvchi grant ko‘magida quriladi.
Hujjat, shuningdek, aeroportlarni boshqarish sohasida axborot va tajriba almashish, loyihalar va biznes tashabbuslar bo‘yicha ekspertlar almashinuvi, aviatsiya sohasida qo‘shma dastur va loyihalarni ishlab chiqish, aeroportlarni samarali boshqarish uchun kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni o‘z ichiga oladi.
“KAC bilan hamkorlikning asosiy tarkibiy qismi O‘zbekiston aeroportlari qoshida (KOICA) granti ko‘magida Aviatsiya o‘quv markazini tashkil etishdan iborat. Bugungi kunda O‘zbekiston aeroportlarida 8 mingdan ortiq xodim mehnat qilmoqda va ishchilarning malakasini oshirish aeroport faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Bunday markazni tashkil etish ilg‘or jahon tajribasiga muvofiq texnologik imkoniyatlar va operasion standartlarni doimiy ravishda takomillashtirish uchun zarur. Bundan tashqari, “Uzbekistan Airports” AJ aviatsiya sohasida mehnat qilayotgan kadrlarni tayyorlashga ilg‘or metodologiya va amaliyotlarni joriy etish bo‘yicha KAC bilan yaqindan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda”, — dedi “Uzbekistan Airports”kompaniyasi rahbari Javlonbek Umarxo‘jayev.
Tashrif davomida delegatsiya Seul va Chonju shaharlaridagi KAC aviatsiya o‘quv markazlarida bo‘lib, u yerda kadrlar tayyorlashning ilg‘or usullari bilan tanishdi. Bundan tashqari, “Uzbekistan Airports” vakillari Kimpxo xalqaro aeroporti (Seul) ishi bilan tanishdi va Incheon xalqaro aeroportining aviatsiya akademiyasiga tashrif buyurdi. Shuningdek, "JEJU Air" aviakompaniyasi bilan istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.