Shu yilning 24-may kuni Toshkent shahrida Singapur Prezidenti Halima Yakubning O'zbekistonga tashrifi arafasida bo'lib o'tgan O'zbekiston-Singapur biznes-forumi doirasida “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra'no Jo'rayeva va “Changi Airports” bosh direktori Yudjin Gan o'rtasida kelishuvlar bo'lib o'tdi.

— Toshkent Yevropa va Osiyoni bog'lay oladigan xalqaro markaz sifatida ulkan eksport salohiyatiga ega. Ammo mavjud aeroportning ko'plab cheklovlari bor, chunki poytaxtning rivojlanishi bilan u deyarli shahar markazida bo'lib qoldi, — deydi Ra'no Jo'rayeva. — Yo'lovchilar oqimini tahlil qilib, biz o'sish jarayoni juda tez, degan xulosaga kelmoqdamiz. Bugungi kunda tig'iz soatlarda terminallar yo'lovchilarni deyarli sig'dira olmay qolmoqda va samolyotlar uchun to'xtash joylari ham yetarli emas. Shu bois, yangi aeroport qurish masalasi ustida ishlayapmiz. Maslahatchilar sifatida biz dunyodagi eng ilg'or aeroport — "Changi Airports International"ni taklif qildik. Ularning vazifasi xalqaro xab yaratish va yangi havo bandargohini qurishda eng zamonaviy aeroport texnologiyalaridan foydalanishni hisobga olgan holda texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqishda bizga yordam berishdan iborat. Shu bilan birga, CAI vakillari bir vaqtning o'zida mavjud aeroport faoliyatini aviatsiya va noaviatsion faoliyat nuqtai nazaridan optimallashtirish bo'yicha konsalting bilan shug'ullanadi”.

2022-yilda mamlakat bosh havo bandargohida yo'lovchi oqimi 5 million yo'lovchini tashkil etib, pandemiyadan oldingi davrdan ham oshib ketdi. Joriy yilda “Uzbekistan Airports” tahlilchilariga ko'ra, 8 millionga yaqin yo'lovchi kutilmoqda. Bitim imzolangandan so'ng tomonlar tez orada ikki yo'nalish bo'yicha ish boshlaydilar: mavjud aeroport faoliyatini optimallashtirish, jumladan, yo'lovchilarga xizmat ko'rsatishning raqobatbardoshligi va sifatini oshirish, ilg'or texnologiyalarni joriy etish va yo'lovchilar oqimini oshirish, shuningdek, yangi Toshkent aeroporti loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish.