“Uzbekistan Airways” Germaniyaning Myunxen shahriga muntazam havo qatnovlarini yoʻlga qoʻydi

    Transport 30 Oktabr 2023 1382

    “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi 29-oktyabr kunidan boshlab Toshkent–Myunxen–Toshkent yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovlarini yoʻlga qoʻydi.

    Yoʻnalish boʻyicha parvozlar haftasiga ikki marta - juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

    Oʻzbekiston va Germaniyaning yirik shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarning yoʻlga qoʻyilishi ikki mamlakat muloqotini barcha sohalarda yanada faollashtirish va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish imkonini berishi taʼkidlandi. Xususan, mamlakatlarimiz oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar ochilishi natijasida turizm, madaniy-gumanitar almashinuv va savdo-iqtisodiy hamkorlik kabi muhim yoʻnalishlarda yaqin aloqalar oʻrnatiladi.

    Rasmiy ochilish marosimi doirasida Oʻzbekiston bosh konsuli Olimjon Abdullayev va Myunxen aeroporti vitse-prezidenti Ulrix Teis oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Aviakompaniya yoʻlovchilariga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va tegishli shart-sharoitlar yaratish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Eslatib oʻtamiz, 1993-yildan buyon Toshkentdan Frankfurt-Mayn yoʻnalishi boʻyicha havo qatnovlari dushanba, payshanba va shanba kunlari muntazam ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy va sayyohlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.